Shaxmat: Osiyo chempionatining 6-turida Tohirjonova – Hamdamova bahsi o‘tkaziladi
Mo‘g‘uliston poytaxti Ulan-Bator shahrida shaxmat bo‘yicha erkaklar va ayollar o‘rtasida davom etayotgan Osiyo chempionatining ortda qolgan 5-tur bahslaridan keyin hamyurtlarimiz Afruza Hamdamova va Gulruhbegim Tohirjonova 4,5 ochko bilan 102 nafar ishtirokchi orasida yetakchilik qilmoqda.
Kecha o‘tkazilgan 5-tur o‘yinlarida A.Hamdamova oq donalarda FIDE bayrog‘i ostida musobaqada qatnashayotgan Mariya Pershinani, G.Tohirjonova qozog‘istonlik Amina Kairbekovani mag‘lub etdi.

Shuningdek, ushbu turda N.Imomqo‘ziyeva indoneziyalik, Asal Salimova mo‘g‘ulistonlik shaxmatchi qizni dog‘da qoldirdi. Hamyurtlarimizdan Madinabonu Xalilova va Guldona Karimova mo‘g‘ulistonlik qizlar bilan murosa yo‘lini tanladi.
Chempionatning ochiq musobaqalari 5-turida hamyurtlarimizdan A.Abdusalimov oq donalarda hindistonlik Abtin Ataxanni, H.Bekmuratov qora donalarda yaponiyalik Sho Moritani mag‘lub etdi. O.Nig‘matov va S.Saidaliyev qora donalarda FIDE bayrog‘i ostida harakatlanayotgan Yevgeniy Najer va David Pravyan bilan tenglikka imzo chekdi.

Erkaklar musobaqasida FIDE bayrog‘i ostida birinchilikda qatnashayotgan Zhamsaran Tsydypov(Zhamsaran Tsydypov) 4,5 ochko bilan turnir jadvalini boshqarib turgan vaziyatda terma jamoamiz a’zolaridan Abdumalik Abdusalimov 4 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 6-pog‘onani band etib turibdi.

Bugun, 3-iyun kuni qit’a chempionatining navbatdagi 6-tur o‘yinlarida hamyurtlarimiz Tohirjonova va Hamdamova qarama-qarshiligidagi bahs chempionatning markaziy musobaqasi ko‘rinishini olishi shubhasiz.
Erkaklar musobaqasining 6-turida A.Abdusalimov qora donalarda vetnamlik Tran Gian Pxus Pxam bilan bahs olib boradi.

Aytish lozim, mukofot jamg‘armasi 100 ming AQSH dollaridan iborat chempionatda eng yaxshi ko‘rsatkichga ega 5 nafar, ayollar o‘rtasida 1 nafar ishtirokchi 2027-yilgi Jahon kubogi yo‘llanmasiga ega chiqadi.
Chempionat 6-iyunga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA