Shaxmat olimpiadasi: Bugungi asosiy raqiblarimiz - Armaniston va Hindiston jamoalari
Bugun, 26-sentabr kuni Samarqandda o‘tayotgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 10-tur bahsdari bo‘lib o‘tadi.
Mazkur turda Nodirbek Abdusattorov, Javohir Sindorov, Nodirbek Yoqubboyev, Shamsiddin Vohidov, Muhiddin Madaminov dona surayotgan O‘zbekiston-1 jamoasi Armaniston vakillari bilan kuch sinashadi.

Shuningdek, kecha 9-turda Niderlandiya jamoasini mag‘lub etib, shaxmat olimpiadasining katta shov-shuviga sabab bo‘lgan Jahongir Vohidov, Abdumalik Abdusalimov, Muhammadzohid Suyarov, Ortiq Nig‘matovdan iborat O‘zbekiston-2 jamoasi bugun musobaqaning eng kuchli jamoalaridan biri Hindiston bilan to‘nash keladi. Yosh shaxmatchilardan tashkil topgan O‘zbekiston-3 erkaklar jamoasi esa mazkur turda Isroil vakillariga qarshilik ko‘rsatadi.

Shaxmat olimpiadasining mazkur turida erkaklar jamoalari o‘rtasidagi Ukraina-Xitoy, Germaniya-Fransiya, Vengriya-Ispaniya, Gretsiya-AQSH o‘yinlari ham qiziqarliligi bilan ko‘pchilikning e’tibor markazida bo‘ladi.
10-tur o‘yinlari ostonasida O‘zbekiston-1 jamoasi 16 ochko bilan yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, 15 ochkoga ega Hindiston, O‘zbekiston-2 va Armaniston jamoalari keyingi o‘rinlarni band etgan. Xitoy, Germaniya, Fransiya, Ispaniya, Ukraina, Vengriya jamoalari 14 ochko bilan sovrindorlikka da’vogarlarni ta’qib etmoqda.

Olimpiadaning xotin-qizlar o‘rtasida o‘ta qizg‘in kechadigan 10-turida O‘zbekiston-1 jamoasi Peru bilan, O‘zbekiston-2 shaxmatchi qizlari Shvetsiya va O‘zbekiston-3 vakillari Keniya jamoasi a’zolari bilan kuch sinashadi.
Ayollar guruhidagi markaziy uchrashuvlar turnir peshqadamlari Xitoy, Hindiston, Qozog‘iston va Mo‘g‘uliston vakillari ishtirokidagi bahslarda kuzatiladi.

Eslatib o‘tamiz, ertaga 27-sentabr kuni shaxmat olimpiadasining so‘nggi 11-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA