Shaxmat olimpiadasi: 6-turda Hindiston jamoasi mag‘lub etildi
Kutilganidek, 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasining 6-tur bahslari O‘zbekiston-1 terma jamoasi uchun ham, Hindiston jamoasi uchun ham har jihatdan murakkab, kuchli ruhiy bosim ostida kechdi.
Mahoratli shaxmatchilarimiz o‘z uyida, ming-minglab yurtdoshlarimizning o‘tkir nigohlari qarshisida dona surish mas’uliyatini oshirgan bo‘lsa, hindistonliklar Samarqandda O‘zbekistonning asosiy jamoasiga qarshilik ko‘rsatishi ularning ruhiyatiga ta’sir qilmay qolmadi.
O‘ta hayajonli kechgan O‘zbekiston-1-Hindiston qarama-qarshiligining birinchi taxtasida harakatlangan Nodirbek Abdusattorov Praggnanandha bilan, Javohir Sindorov Arjun Erigayisi bilan, Shamsiddin Vohidov amaldagi jahon chempioni Gukesh Dommaradju bilan durangga erishishi har ikki jamoa uchun Nodirbek Yoqubboyev-Nihal Sarin qarama-qarshiligi hayot-mamot masalasini hal etadigan bahs ko‘rinishini oldi.
[gallery-31542]
Iste’dodli shaxmatchimiz Nodirbek Yoqubboyevning 25 yurishdan boshlagan pozitsion harakati alaloqibat 38-yurish holatida Sarinni muqarrar mag‘lubiyat ko‘chasiga boshladi.
Bu o‘z navbatida, hujumkor vaziyatga chiqib olgan Yoqubboyevga Sarin ustidan g‘alaba qozonish imkoniyatini taqdim etdi.
Aynan Nodirbek Yoqubboyevning g‘alaba qozonishi ortidan O‘zbekiston-1 jamoasi Hindistonni 2,5:1,5 ko‘rinishida yengib, 12 ochko bilan turnir jadvalidagi yetakchilik o‘rnini mustahkamlashiga zamin yaratdi.
Mazkur turda O‘zbekiston-1 jamoasining asosiy ta’qibchilaridan biri Germaniya vakillari Xitoy jamoasiga 3:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
T. Ro‘ziyev, A. Mamadaminov (surat) O‘zA