Shaxmat: 2027-yilgi Jahon kubogining ilk yo‘llanmalari soni tasdiqlandi
Samarqandda o‘tgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi kelgusi yilgi Jahon kubogining ilk yo‘llanmalari soniga aniqlik kiritdi.
Kuni kecha Xalqaro shaxmat federatsiyasi Samarqandda poyoniga yetgan 46-Butunjahon shaxmat olimpiadasi natijalariga ko‘ra, kelasi yilgi Jahon kubogi uchun ajratilgan dastlabki yo‘llanmalar sonini e’lon qildi.

Aytish lozimki, FIDE qoidasiga asosan har bir milliy federatsiya olimpiadada qatnashgan jamoasi a’zolaridan birini Jahon kubogi ishtirokchisi sifatida tanlashi mumkin. Agar barcha a’zolar saralash musobaqalari orqali Jahon kubogi “chiptasi”ga ega bo‘lsa, federatsiya Jahon kubogida qatnashishga boshqa shaxmatchini nomzod sifatida ko‘rsatish huquqiga ega.
46-Butunjahon shaxmat olimpiadasida g‘oliblikka erishgan mamlakatimiz erkaklar jamoasi hamda ayollar yo‘nalishida 13-o‘rindan joy olgan mamlakatimiz shaxmatchi qizlari 2027-yilgi Jahon kubogining 1 tadan yo‘llanmasi sohibi bo‘ldi. Ya’ni, mamlakatimiz shaxmatchilari ochiq va ayollar musobaqasi uchun 2 ta yo‘llanmaga ega chiqdi.
Jahon shaxmat toji uchun kurashish yo‘lidagi Nomzodlar musobaqasida qatnashish imkoniyatini taqdim etadigan 2027-yilgi Jahon kubogining ochiq bahslarida 224 nafar, ayollar musobaqasida 128 nafar shaxmatchi qatnashishi belgilangan.

Hozirda Samarqand olimpiadasida qatnashgan milliy terma jamoalarning natijalaridan kelib chiqib, umumiy hisobda olimpiada natijalari orqali ochiq yo‘nalishda 83 ta, ayollar yo‘nalishida 45 ta milliy federatsiya Jahon kubogi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Yana bir e’tiborli jihat, ochiq va ayollar musobaqasining umumiy mukofot jamg‘armasi sezilarli darajada oshirildi. 2025-yili o‘tgan Jahon kubogida umumiy mukofot summasi 2,67 million dollardan iborat bo‘lgan bo‘lsa, 2027-yilgi jahon kubogining mukofot jamg‘armasi 3,3 million dollargacha belgilandi.
Shuningdek, 2027-yilgi Jahon kubogida qatnashadigan shaxmatchilarni aniqlashda “FIDE Grand Swiss va FIDE Women's Grand Swiss” final turnirlarining eng yaxshi to‘rtta o‘yinchisi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yo‘llanma oladi.
Bundan tashqari, 2026-yilgi “Total Chess” chempionati g‘olibi Jahon kubogida qatnashish imkoniga ega bo‘ladi.
Yana bir o‘ziga xos jihat, har bir qit’a uchun ajratilgan saralash o‘rinlari soni yettitaga oshirildi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro shaxmat federatsiyasi 2027-yilgi Jahon kubogi qatnashchilarining yakuniy ro‘yxatini kelgusi yilning iyul oyiga qadar tashkil etiladigan nufuzli musobaqalardan so‘ng e’lon qilishni rejalashtirmoqda.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA