“Shatakka olish” tizimi mahalliy korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlamoqda
Bundan besh yil avval kombinatning Navoiy mashinasozlik zavodida sanoat yarmarkasi tashkil etilib, unda yirik sanoat korxonasining o‘z quvvatlarida ixtirolar, ratsionalizatorlik takliflari va innovatsion g‘oyalar asosida hamda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorlikda import o‘rnini bosuvchi yangi turdagi mahsulotlarni o‘zlashtirish yuzasidan ko‘rgazma bo‘lib o‘tgan edi.
Ushbu ko‘rgazmada o‘zlashtirilgan, o‘zlashtirish rejalashtirilgan hamda mahalliy korxonalarda o‘zlashtirilishi tavsiya etilayotgan import mahsulotlari namoyish etilgan edi. Keyinchalik mahalliy korxonalarni “shatakka olish” mexanizmi doirasida texnologik hamkorlik yanada rivojlandi.
Respublikada birinchilardan bo‘lib Navoiy kon-metallurgiya kombinati tomonidan amaliyotga joriy qilingan mazkur mexanizm doirasida shu kunga qadar hamkor korxonalardan import o‘rnini bosuvchi 200 turdan ziyod mahsulotlar xaridi amalga oshirildi. Xususan, so‘nggi besh yilda ko‘plab korxonalarni shatakka olish natijasida yangi turdagi mahsulotlar o‘zlashtirilib, kombinat ehtiyojlari uchun 3 trillion so‘mlik mahsulotlar xarid qilindi.
– 2025-yilda shatakka olingan korxonalar tomonidan 783 milliard so‘mlik mahsulot yetkazib berildi. Bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan qariyb uch barobarga oshgan. Muhimi, mazkur korxonalarning iqtisodiy ko‘rsatkichlari ham izchil yuksalib bormoqda, – deydi “NKMK” AJ bo‘lim boshlig‘i Ulug‘bek Sanaqulov. – Ko‘p yillik hamkorlarimizdan biri hisoblangan “Gidro stanko servis” MCHJdan kon-shaxta jihozlari va ehtiyot qismlari, “Navpromlitmash” MCHJdan kon-shaxta jihozlari, filtrlar va po‘lat qotishmalari, “Chilon Lubrikants” MCHJdan texnik moylar hamda reagentlar, “Navoiy elektrod zavod” MCHJdan grafitlangan elektrodlar, “Navoiy elektroremont” MCHJdan elektrodvigatellar va uskunalar, “Yevro Prom Lider” MCHJdan filtrlovchi matolar, “Karbon Polimer” MCHJdan ftoroplast va polimer mahsulotlari, shuningdek, boshqa turdagi mahsulotlar xarid qilinmoqda.
Mazkur mexanizmning samarali natijalaridan yana biri bu “shatak piramidasi” bo‘lib, shatakka olingan korxonalar endi o‘zlari boshqa kichik korxonalarni shatakka olishni boshlashdi. Ana shunday korxonalardan biri “Navpromlitmash” korxonasidir.
2007-yilda tashkil etilgan “Navpromlitmash” mas’uliyati cheklangan jamiyatida nostandart uskunalar va butlovchi qismlar, mis va latun quvurlar, cho‘yan quyma metall mahsulotlari kabi o‘nlab butlovchi qismlar ishlab chiqariladi. Shuningdek, mas’uliyati cheklangan jamiyatda “Universal Filter” brendi ostida sanoat va avtomobillar uchun havo hamda moy filtrlari tayyorlanmoqda. Bu mahsulotlar import o‘rnini bosishga xizmat qilmoqda.

– Korxonamizda 2025-yilda 220 dan ortiq mahsulotlarni ishlab chiqarish o‘zlashtirildi, – deydi MCHJ direktori, “Do‘stlik” ordeni sohibi Ibrohim Fayziyev. – “Shatakka olish” mexanizmi bo‘yicha kombinat bilan hamkorlikda o‘tgan yilda 400 milliard so‘mlik ehtiyot qismlar ishlab chiqarildi. Ishlab chiqarilgan jihozlar va ehtiyot qismlar “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJdan tashqari “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiyuran”, “Navoiyazot”, “Navoiy issiqlik elektrostansiyasi” kabi yirik sanoat korxonalariga yetkazib berilayotgani uning ishonchli hamkor sifatidagi nufuzini mustahkamlamoqda.
Korxonada ishlab chiqarishni kengaytirish va modernizatsiya qilishning 2022-2026-yillarga mo‘ljallangan dasturi doirasida kabel o‘tkazgichlar uchun yiliga 150 ming dona alyumin va mis poynaklar, sanoat va avtomobillar uchun 300 ming dona havo hamda moy filtrlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. Eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratildi, yiliga 249 milliard so‘mlik import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati paydo bo‘ldi.

Xullas, “Shatakka olish” tizimi mahalliy korxonalarning iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash bilan birga konstruktorlik va texnologik hujjatlarni ishlab chiqish hamda yangi import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarishga ham xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA