Shashmaqom san’ati Yevropa markazida namoyish etildi
Belgiyaning «Moler» teatrida Shashmaqom san’ati, o‘zbek an’anaviy va xalq musiqa merosi namunalarining mohir ijrochisi Gulzoda Xudoynazarovaning konserti bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Benilyuks davlatlari o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan mazkur tadbirda Belgiyada akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatiya korpusi vakillari, shuningdek, ushbu mamlakatning san’at va madaniyat arboblari ishtirok etdi.
Tadbir tom ma’noda Bryussel jamoatchiligi orasida katta qiziqish uyg‘otdi. O‘zbek mumtoz va milliy ashulachilik san’ati ustasi ijrosidagi madaniy dastur namoyishi san’at ixlosmandlarining gulduros olqishlariga sazovor bo‘ldi.
Bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida ushbu konsert O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirishga kamtarin hissa qo‘sha olgan bo‘lsa, o‘zini baxtiyor hisoblashini aytdi.
– O‘zbekiston va Belgiya o‘rtasidagi ikki tomonlama diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlash arafasida mashhur «Moler» teatri sahnasida chiqish qilayotganimiz ramziy ma’noga ega, – deydi Gulzoda Xudoynazarova. – Yevropa jamoatchiligida o‘zbek milliy san’atiga katta va chinakam qiziqish mavjud ekanligiga yana bir bor amin bo‘ldik.
Ma’lumki, Shashmaqom yaxlit badiiy konsepsiyani o‘zida mujassam etgan bo‘lib, musiqa va estetikadan tashqari, falsafiy va axloqiy jihatlarni ham o‘z ichiga oladi.
“Moler” teatri badiiy rahbari Piter Varupay O‘zbekistonning boy musiqa san’ati bugungi kunda Yevropa jamoatchiligi e’tiborini yana o‘ziga tortayotganini ta’kidladi.
– Shashmaqom san’atida azaliy qadriyatlar bilan zamonaviylik qudrati o‘rtasida chuqur bog‘liqlik borligi yaqqol ko‘zga tashlanadi, – dedi Piter Varupay.– Yevropa san’atshunoslari YUNESKO timsolida endi jahon hamjamiyatining nigohi musiqiy qadriyatlar xazinasi bo‘lmish O‘zbekistonga qaratilganini bilishadi. Eng ko‘hna tamaddun markazlari – Samarqand, Shahrisabz, Termiz, Xiva va Qo‘qonning diqqatga sazovor me’moriy yodgorliklari fonida xalqaro musiqa festivallar va forumlarning muntazam o‘tkazilayotgani ham bu fikrni tasdiqlaydi. Bugun namoyish etilgan konsert dasturi O‘zbekiston madaniyati va san’atiga qiziqish tobora ortib borayotganini yana bir karra tasdiqladi.
O‘zA