“Sharq taronalari“: doʻstlik va hamjihatlik tarannumi
Samarqand shahrida 30-avgust kuni “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali yakunlandi.
Samarqand shahrida 30-avgust kuni “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali yakunlandi.
Musiqa, qoʻshiq inson qalbida eng nafis tuygʻularni uygʻotuvchi, kishini ruhlantirib, ezgu ishlarga boshlovchi qudratli kuch. Til, millat tanlamaydigan navolar tarjimonsiz, hech bir vositasiz inson yuragiga kirib boradi. Dillarni dillarga, ellarni ellarga bogʻlaydi. Tinchlikni, madaniyatni, maʼnaviyatni targʻib etadi, insoniylikni ulugʻlaydi.
1997-yildan buyon har ikki yilda muntazam oʻtkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ana shunday ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda. Oʻtgan yillar mobaynida mazkur sanʼat forumi dunyo xalqlari milliy musiqa madaniyati anʼanalarini asrab-avaylash, targʻib etish, tili, dini, millatidan qatʼi nazar, barcha xalqlarni sanʼat orqali yaqinlashtirish va ular oʻrtasida doʻstlik aloqalarini mustahkamlaydigan nufuzli festivalga aylandi.
Festival “Sharq taronalari” deb nomlansa-da, unda sayyoramizning barcha qitʼalaridan xonanda va sozandalar, musiqashunoslar ishtirok etib, oʻz milliy kuy-qoʻshiqlarini ijro etmoqda, anʼana va qadriyatlarini namoyish qilayotir.
Shu paytgacha oʻn bir marta oʻtkazilgan ushbu musiqa anjumanida dunyoning 114 davlatidan vakillar qatnashgan. Birgina joriy yilning oʻzida ishtirokchi davlatlar soni 75 tani tashkil etdi. Festival tanlov dasturlarida esa 32 mamlakat musiqiy jamoasi, xonanda va sozandalar qatnashdi. Argentina, Myanma davlatlari va Fiji orollari vakillari “Sharq taronalari”da ilk bor ishtirok etdi.
Festivalning tantanali ochilish marosimida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, sayyoramizda turli kelishmovchilik va qarama-qarshiliklar, urush va nizolar avj olgan tahlikali zamonda, odamzot tobora oʻz dunyosiga oʻralib borayotgan bir sharoitda, musiqa insonga insonligini eslatib, uning qalbida kelajakka umid va ishonch uygʻotadi.
Bu fikrlarni BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (YUNESKO) Bosh direktori Odri Azule xonim ham alohida qayd etdi.
– Jaloliddin Rumiy “O rubob ohangi, qaydan paydo boʻlursan?” deb hayratlangan edi. Biz esa bu savolga javoban “Ohang, shubhasiz, oʻzaro aloqa, hamkorlik natijasidir” deya javob berishimiz mumkin, – dedi Odri Azule tabrik soʻzida. – Zero, madaniyatlar bir-biridan ayro holda taraqqiy etmaydi. Ular oʻzaro muloqot natijasida oʻsadi, rivojlanadi. Bugun Samarqand zaminida oʻtayotgan festival dasturi ayni shu fikrning yaqqol tasdigʻidir. Mazkur festivalda biz umumbashariy qadriyatlarni yana bir bor his qilishimizni aytish lozim.
Bu jihatlar festival doirasidagi tadbirlarda yana bir bor oʻz ifodasini topdi. Registon maydonidagi asosiy sahnada, shuningdek, Samarqand shahri, Oqdaryo, Pastdargʻom, Jomboy, Samarqand, Urgut tumanlaridagi istirohat bogʻlari, musiqa va sanʼat maktablarida dunyo xalqlari kuy-qoʻshiqlari yangradi. Doʻstlik, hamjihatlik, ahillik madh etildi.
Oʻn ikkinchi festival avvalgilardan biroz oʻzgacha oʻtkazildi. Qatnashchilar professional tarzdagi xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda anʼanaviy yoʻlda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qoʻshiq yoʻnalishlarida tanlovda ishtirok etdi. Ularning chiqishlarini turli davlatlar musiqashunoslari va bastakorlar, xalqaro tashkilotlar vakillaridan iborat 11 nafar hakamlar hayʼati baholab bordi.
Samarqand shahridagi muzeylar, hunarmandlar markazlari va mehmonxonalarda festival tarixiga oid suratlar, milliy hunarmandlik mahsulotlari, cholgʻu asboblari koʻrgazmalari namoyish etildi. Ajdodlarimizdan meros bir necha asrlik tarixiy obidalar, muqaddas qadamjo va ziyoratgohlar, taʼlim muassasalari, zamonaviy ishlab chiqarish korxonalari, Amir Temurning tarixiy bogʻlariga sayohatlar uyushtirildi.
Anʼanaga koʻra, festival doirasida “Sharq xalqlari anʼanaviy musiqa sanʼatini rivojlantirish istiqbollari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi. Unda 10 dan ortiq xorijiy davlatlar, yurtimiz sanʼatshunos olimlarining maʼruzalari tinglandi, taqdimotlar oʻtkazildi.
Registon maydonidagi amfiteatrda festival ishtirokchilari va mehmonlar, yurtimiz madaniyati va sanʼati namoyandalari, jamoatchilik vakillari xalqaro musiqa anjumanining tantanali yopilish marosimida jam boʻldi.
Festival qatnashchilari va hakamlar hayʼati tadbirlarning yuqori saviyada tashkil etilgani, yuksak hurmat-ehtirom va samimiy mehmondoʻstlik uchun mamlakatimiz rahbariyatiga, xalqimizga minnatdorlik bildirdi.
26-30-avgust kunlari dunyo sanʼat ahlining bosh sahnasiga aylangan Registondagi amfiteatrda “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivali gʻolib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.
Dastlab, festival qatnashchilari “Eng yaxshi libos va musiqa uygʻunligi”, “Mehr-oqibatni tarannum etgani uchun”, “Sharq xalqlari musiqa sanʼati jonkuyari”, “Anʼanalarga sodiq jamoa”, “Qadriyatlar davomchisi” kabi nominatsiyalar boʻyicha taqdirlandi. Samarqand viloyati va shahar hokimligi hamda boshqa tashkilotlarning maxsus mukofotlari topshirildi.
Nominatsiya gʻoliblariga diplom, 500 AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Sahnaga Tojikiston (“Badaxshon” jamoasi) va Rossiyadan (“Ayarxan” jamoasi) kelgan jamoalar hamda Oʻzbekiston vakillari – Azizjon Abduazimov va Ulugʻbek Elmurodzoda taklif etildi. Ularga festivalning uchinchi darajali diplomlari, 2 ming AQSH dollaridan pul mukofoti va esdalik sovgʻalari taqdim etildi.
Ikkinchi oʻringa Turkmanistonning “Archabil” va Moʻgʻulistonning “Xatan” jamoalari sazovor boʻldi. Ularga 3,5 ming AQSH dollaridan pul mukofoti, diplom va boshqa sovgʻalar topshirildi.
Professional xalq musiqa va qoʻshiqlari hamda anʼanaviy yoʻlda ijod qilingan zamonaviy musiqa yoki qoʻshiq yoʻnalishlari boʻyicha birinchi oʻringa Qirgʻizistoning “Qomuzchilar” dueti hamda Ozarbayjondan kelgan Parviz Gasimov munosib topildi. Ularning har biri 5 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti, diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Nihoyat, hayajonli lahzalar boshlandi. “Sharq taronalari” XII xalqaro musiqa festivalining bosh sovrini – Gran-pri Oʻzbekiston vakili Mehrinigor Abdurashidovaga berilgani maʼlum qilindi.
Marosim qatnashchilari Mehrinigorni qizgʻin olqishlar bilan qoʻllab-quvvatladi.

– Dunyodagi nufuzli sanʼat festivali gʻolibi boʻlganimdan cheksiz hayajon va quvonchdaman, – deydi Oʻzbekiston davlat konservatoriyasi talabasi Mehrinigor Abdurashidova. – Aslida “Sharq taronalari”da ishtirok etish, Registonda qoʻshiq kuylashning oʻzi katta sharaf. Bu festivalda gʻolib boʻlish esa barcha ishtirokchilarning eng katta orzusi hisoblanadi. Menga bu yil ana shunday baxt nasib etdi. Fursatdan foydalanib, sanʼatimizni yuqori baholagan hakamlarga, meni qoʻllab-quvvatlagan tomoshabinlarga va albatta, ustozlarimga minnatdorlik bildiraman.
Marosimda yurtimiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilar, festival gʻoliblari ishtirokida konsert dasturi namoyish etildi.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali ishtirokchilari 2021-yilda yana Samarqandda uchrashish niyatida xayrlashdi.
Festival gʻoliblarini taqdirlash marosimida Oʻzbekiston Respublikasi madaniyat vaziri oʻrinbosari K.Oqilova hamda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov ishtirok etdi.