Sharq matbuoti Yangi O‘zbekiston yoshlari haqida
Saudiya Arabistoni Podshohligining “An-nahar”, Misr Arab Respublikasining “Almasry alyoum”, Qirg‘izistonning “Kabar” axborot agentligi va boshqa qator nashrlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakatimiz yoshlari bilan o‘tkazgan muloqoti tafsilotiga keng o‘rin ajratdi.
Maqolalarda davlatimiz rahbari yoshlarni “xalqimizning oltin fondi”, deb ataganiga alohida e’tibor qaratilgan. Siyosatning ustuvor yo‘nalishiga aylangan yoshlarning bandligini ta’minlash, intilishlariga sharoit yaratish yo‘lida oxirgi 8 yilda olib borilgan amaliy ishlar e’tirof etilgan. Yosh tadbirkorlar soni 3 barobar ko‘paygani, ular bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini tashkil etayotgani qayd etilgan.

Ilmiy darajali yosh olimlar soni 2 karra oshib, 4 ming nafarga yetgani, mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylangani, an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 3 millionga ko‘tarilganiga urg‘u berilgan.
Yurtimizdagi yoshlar siyosati xalqaro jamoatchilik tomonidan ham tan olinmoqda. O‘zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining “Yoshlar-2030” strategiyasini jadal amalga oshirayotgan yetakchi 10 davlat qatoridan joy oldi.

Nashrlar mamlakat yetakchisining quyidagi so‘zlarini iqtibos sifatida keltirgan:
– Sizlar bilan maslahat va muloqotni faoliyatimizdagi asosiy mezonlardan biri, deb bilamiz. Sizlar ham bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lib, jonajon Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, go‘zal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda bo‘lasiz, deb ishonaman.
Muharrama Pirmatova, O‘zA