"Sharg‘unko‘mir"ga Xitoy investitsiya kiritmoqda
"O‘zbekiston temir yo‘llari" aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi “Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatida 62 yildan buyon 40-50° issiqlik quvvatiga ega, temirni ham eritishga qodir sifati o‘ta yuqori ko‘mir qazib olinmoqda.
Hozirda Sharg‘un konida ko‘mirning balans zaxirasi 33 million tonnani tashkil etmoqda.
Prezidentimizning 2017 yil 13 yanvardagi "Aholining iqtisodiy farovonligini oshirish to‘g‘risida"gi qarori hamda “Loyihalashtirish quvvati 900 ming tonnani tashkil etuvchi "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilishda investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga ko‘ra katta qurilish va ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Barcha sexlar qayta rekonstruksiya qilinib, yangilari barpo etildi.
Axborot-tahliliy media markazidan xabar berishlaricha, "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyatini modernizatsiya qilish bo‘yicha mazkur yirik investitsiya loyihasining buyurtmachisi sifatida Xitoyning "China Railway Tunnel Group Co., Ltd." va "China Coal Technology & Engineering Group Corp." kompaniyalari bilan hamkorlik shartnomalari imzolandi. Loyihaning umumiy qiymati 105,5 million dollar bo‘lib, 89,8 million dollari esa bevosita XXR "Eksimbank"dan olindi.
Xususan, yiliga 900 ming tonna ko‘mir ishlab chiqarish uchun "China Railway Tunnel Group Co., Ltd." kompaniyasi bilan shartnoma imzolandi. Ushbu shartnoma asosida keltirilayotgan o‘lchov vositalari, sinov uskunalarini sertifikatlashtirish va sinov ishlarini amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi institutlardan saralab olingan mutaxassislar Sariosiyo tumanida bo‘lib, sertifikatlashtirish va sinov ishlarini amalga oshirib qaytishdi.
– Ajratilayotgan mablag‘lar hisobiga korxonaning texnik va texnologik bazasini qayta yangilash hamda ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, ko‘mir qazib olishni yiliga 160 ming tonnadan 900 ming tonnagacha oshirish yaratish ko‘zda tutilgan, – deydi «Sharg‘unko‘mir» aksiyadorlik jamiyati bosh muhandisi Sh.Surxonov. – Ayni damda qazib olinayotgan har 1000 tonna ko‘mirga to‘kish hajmi va belgilangan harajatlar ulushini kamaytirish hisobiga ko‘mir qazib olishni tannarxini sezilarli darajada pasaytirish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, korxonada mingdan ortiq qo‘shimcha ish o‘rni yaratish, aholini bandligi ta’minlash choralari ko‘rilmoqda.
Qayd etish kerakki, Sharg‘un konining yuklash punktiga qadar idoraviy magistral yo‘li mavjud bo‘lib, korxonaning jonkuyar ishchi-xodimlari hamda temir yo‘l xodimlari ko‘magi bilan yurtimizning barcha hududlariga va qo‘shni davlatlarga eksport yuklarni sifatli yetkazib berishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda. Yuqori texnologik kompleksining joylashgan mintaqasi tog‘li hududga to‘g‘ri keladi va uning balandligi 1200-1700 metrni tashkil etadi. Mazkur yirik loyiha doirasida bir yil davomida 200 ming tonna ko‘mir qazib olish rejalashtirilgan.
Hozirda "Sharg‘unko‘mir" aksiyadorlik jamiyati va Xitoyning "China Railway Tunnel Group Co., Ltd." va "China Coal Technology & Engineering Group Corp." kompaniyalari zimmasiga yuklangan eng muhim vazifalardan biri bu – amalga oshirayotgan investitsiya loyihasini o‘z vaqtida muvaffaqiyatli yakunlashdir. Mazkur investitsiya mablag‘lari korxona faoliyatini tubdan takomillashtirishga, barcha ishlab chiqarish sexlarini rekonstruksiya qilishga, moddiy texnik bazasini yangilashga hamda ishchi-xodimlarni qo‘l mehnatini yengillashtirish hamda qulay ish sharoitlari yaratishga xizmat qiladi.