Serbiyalik adib uyushmada mehmon bo‘ldi
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid Serbiya Yozuvchilar assotsiatsiyasi xalqaro bo‘limi rahbari, Serb adabiyoti muzeyi direktori Viktor Lazichni qabul qildi.
Sirojidin Sayyid mehmonni mamlakatimizdagi bugungi yangilanishlar, o‘zbek adabiyotining rivoji uchun qaratilayotgan e’tibor, Adiblar xiyobonining barpo etilishi va boshqa bunyodkorlik ishlari bilan tanishtirdi.
Uchrashuvda ikki davlat Yozuvchilar uyushmasi o‘rtasida hamkorlik memorandumi tuzish bo‘yicha kelishib olindi. Ijodiy hamkorlik borasidagi takliflar o‘rtaga tashlandi. Fikrlar bildirildi.

Suhbat davomida Viktor Lazich ijodiy muloqotlarni yo‘lga qo‘yish borasida o‘z mulohazalarini aytdi. Hamkorlik aloqalarini boshlanishi sifatida o‘zbek va serb ijodkorlari antologiyasini yaratish taklifini berdi va Sirojiddin Sayyidni Serbiya Yozuvchilar assotsiatsiyasiga taklif qildi.
Mehmonga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan kitoblar jamlanmasi sovg‘a qilindi. “Sharq yulduzi” va “Zvezdo Vostoka”, “Jahon adabiyoti”, “Yoshlik” jurnallari, uyushmaning Xalqaro aloqalar va badiiy tarjima bo‘limi vakillari ishtirokidagi uchrashuvda yana bir ezgu ishga qadam tashlandi.
Shundan so‘ng, Viktor Lazich O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tarixi muzeyida bo‘ldi. U yerdagi o‘zbek adiblarining hayoti va ijodi, noyob adabiyotlar, eksponatlar bilan tanishdi. Sayohat so‘nggida o‘zining uyushmadan katta taassurot bilan qaytayotganini aytib o‘tdi.
Ma’lumot o‘rnida Serbiya Yozuvchilar assotsiatsiyasi 1905 yilda tashkil etilgan. Uning ta’sischilari serb adabiyoti namoyandalari Aleksandr Belich va Borisav Rujich hisoblanadi. Ikkinchi jahon urushi yillarida uning faoliyati to‘xtab qolgan.
Belgrad shahri ozod bo‘lgach, 1945 yil 1 yanvardan tashkilot faoliyati qayta tiklangan. Assotsiatsiyaga ko‘p yillar davomida Nobel mukofoti sovrindori Ivo Andrich rahbarlik qilgan. bugungi kunda Serbiya Yozuvchilar assotsiatsiyasining 1500dan ortiq a’zosi bor.
Assotsiatsiya tarkibiga xorijiy va xalqaro san’at akademiyalarining 50dan ziyod a’zolari kirgan. Serb adabiyotidan o‘zbek tiliga Stefan Raichkovich, Ivan Lalich, Lyubomir Simovich, Borislav Radovich she’rlari, Momo Kapor, Milorad Pavich, hikoyalari tarjima qilingan. Nobel mukofoti laureati Ivo Andrichning “Drina ko‘prigi” va “Oyimqiz” romanlari o‘zbek tiliga o‘girilgan.
D.Mamatova, O‘zA