Serbiya Respublikasi Ommaviy ijrochilari palatasi vakillari yurtimizga tashrif buyurishdi
Joriy yilning 14–19-sentabr kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosining taklifiga binoan Serbiya Respublikasi Ommaviy ijrochilari palatasi delegatsiyasi, Serbiya Respublikasi Ommaviy ijrochilari palatasi Direktorlar kengashi raisi Vuyadin Masnikosa boshchiligidagi delegatsiya yurtimizga rasmiy tashrif buyurdi.
Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad majburiy ijro sohasida ikki davlatning vakolatli organlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash, amaliy tajriba almashish, shuningdek, ijro ishini tashkil etishning zamonaviy yondashuvlarini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Tashrif doirasida Ikki tomonlama uchrashuv va tajriba almashinuvi bilan boshlanib, tomonlar o‘z idoralarining faoliyati yuzasidan ma’ruzalar taqdim etib, ularda asosiy faoliyat yo‘nalishlari, tashkiliy tuzilma, vakolatlar hamda milliy majburiy ijro tizimlarining o‘ziga xos xususiyatlari haqida ma’lumotlar berib o‘tishdi.

Shuningdek, ijro ishi samaradorligini oshirish, ijro jarayonlarini raqamlashtirish, davlat organlari bilan hamkorlik qilish, sud hujjatlarini ijro etishning zamonaviy mexanizmlarini qo‘llash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar sohada muntazam ravishda tajriba va kasbiy bilim almashish muhimligini ta’kidlab, ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini qayd etishdi.
Shuningdek, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Serbiya Respublikasi Ommaviy ijrochilari palatasi rahbarlari o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risida Memorandum imzolandi. Mazkur hujjat ikki tashkilot o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, majburiy ijro sohasida axborot va tajriba almashish, qo‘shma tadbirlar, professional uchrashuvlar va maslahatlashuvlar o‘tkazish, shuningdek, ilg‘or amaliyotlarni o‘rganish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Memorandumning imzolanishi O‘zbekiston va Serbiyaning majburiy ijro sohasidagi tegishli tashkilotlari o‘rtasidagi kasbiy hamkorlikni yanada rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratmoqda. Tadbir davomida, mehmon delegatsiya vakillari Majburiy ijro byurosining Toshkent shahar boshqarmasi faoliyati bilan ham tanishishdi.

Serbiya delegatsiyasiga hududiy boshqarma faoliyatini tashkil etish, ijro hujjatlarini ijro etish tartibi, fuqarolar va tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlik, shuningdek, ijro ishi yurituvida qo‘llanilayotgan axborot va raqamli texnologiyalar haqida ma’lumot berildi.
Tashrif davomida majburiy ijro organlari faoliyatini hududiy darajada tashkil etish masalalari yuzasidan amaliy tajriba almashishdi.
Bu esa, kelgusida hamkorlik o‘zaro tajriba almashish, majburiy ijroning zamonaviy mexanizmlarini o‘rganish hamda sohada ilg‘or kasbiy yondashuvlarni joriy etish uchun imkoniyatlar hamda tashabbuslar uchun mustahkam zamin yaratadi.
Hamroz Bayonov,O‘zA