Senatorlar xalq ichiga kirib bormoqda
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar oʻtkazishmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari hududlarda uchrashuvlar va sayyor qabullar oʻtkazishmoqda. Aholi bilan tashkil etilayotgan ochiq va samimiy muloqotlarda fuqarolarning murojaatlari atroflicha koʻrib chiqilayapti.
Fargʻona viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Sh. Gʻaniyev, Senatning fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasi raisi R. Mahmudovaning Fargʻona shahrida sayyor qabuli boʻlib oʻtdi.
Qabul davomida fuqarolar asosan ish bilan taʼminlash, kredit olish, tibbiyot, kadastr hujjatlarini olish, tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyishdagi toʻsiqlar boʻyicha murojaat qilishdi.
“Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak” tamoyilini amalga oshirish, hududlarda dolzarb muammolarni hal etishda senatorlarning ham xizmati katta. Ular shahar va tumanlarda, qishloqlarda aholi bilan uchrashib, muammolarini oʻrganib, koʻplab masalalarni hal etishga yaqindan koʻmaklashmoqda. Mana bunday sayyor qabullar ham bu borada muhim ahamiyat kasb etayotir.
– 2012-yilda “Saxovat” uyida shtatlar qisqarib, ishsiz qoldim, – deydi Fargʻona shahrida istiqomat qiluvchi fuqaro Feruza Iminova. – Hozirga qadar hech qayerda ishga joylasha olmayapman. Bugun bu borada amaliy yordam soʻrab senatorlarga murojaat qildim. Ular murojaatimni ijobiy hal qilib, “Saxovat” uyiga hamshiralik vazifasiga ishga qabul qilindim. Albatta, buning uchun minnatdorligimni bildiraman.
Qabul chogʻida senatorlar tomonidan oʻttizdan ziyod murojaat tinglanib, ijobiy hal qilindi.