Senatorlar hududlardagi muammolarni o‘rganmoqda
Farg‘ona viloyatida «mahallabay» tizimi asosida yoshlar va ayollarni ish bilan ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora tadbirlar asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Har bir mahallaning «o‘sish nuqtalari» aniqlanib, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlari ishlab chiqildi.
Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi hududlarda bo‘lib, aholi bilan bevosita muloqot olib borish orqali ularni o‘ylantirayotgan muammolar, sektorlar kesimida «mahallabay» ishlash tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar o‘rganilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari Toshloq, Qo‘shtepa, Beshariq tumanlarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmush darajasini oshirish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasidagi jarayon bilan tanishdi.
Senatorlar Beshariq tumanidagi Fayziobod mahallasida «Temir daftar», «Ayollar daftari», «Yoshlar daftari»ga kiritilganlar bilan ishlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan ta’minlash, uy-joy muammolari, salomatligini saqlash masalalarida olib borilayotgan ishlarni o‘rgandi. Yaqinda ish boshlagan “Sherwood Design” korxonasida 100 nafar ayollar ish bilan ta’minlangan. Ushbu korxonada ishlab chiqarayotgan mahsulotlar eksportga chiqarilmoqda. Senatorlar bu yerda yoshlar va xotin-qizlarga yaratilgan yangi ish o‘rinlari bilan tanishib, «Temir daftar»ga kiritilgan xotin-qizlar bilan suhbatlashdi.
Ishchi guruh a’zolari «Temir daftar» va «Ayollar daftari»ga kiritilganlarning ish bilan bandligini, doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishlarini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan «Adirobod g‘unchalari» kooperatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi. 20 gektar maydonda tashkil etilgan kooperatsiyada 100 nafar ishsiz ayollarga yer taqsimlab berildi. Yangi bog‘ barpo etilib, yerli, ishli bo‘lgan 100 nafar ayollarga ko‘chat, o‘g‘it yetkazib berildi. Tik artezian qudug‘i qazilib, suv bilan ta’minlandi.
Adirobod massiviga tutash «Vorux-Dasht» mahalla fuqarolar yig‘inida har uch daftarga kiritilganlar bilan olib borilayotgan ishlar haqida yig‘in binosida muloqot o‘tkazildi. Mahalla muammolarining yechimi haqida fikr almashildi. 63-davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bo‘lib, qishloq bolalariga yaratilgan sharoitlar bilan tanishildi, ichimlik suvi ta’minoti muammosiga diqqat qaratildi.

Tumandagi 62 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan 6 tasi og‘ir ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ortda qolgan «qizil» hudud hisoblanadi. Shulardan biri «Navkat» mahalla fuqarolar yig‘inidir. Ishchi guruhi a’zolari yig‘in hududida «Temir daftar», «Ayollar daftari» va «Yoshlar daftari»ga kiritilganlarni daftardan chiqarish ishlarini aniqlash bilan yaqindan tanishdi. Yig‘in hududida obodonlashtirish ishlarining holati «Ayollar daftari»ga kiritilgan 2 nafar fuqaro bandligini ta’minlangan xonadon bog‘chasi bilan tanishdi. Shuningdek, 28-maktabgacha ta’lim tashkilotida olib borilayotgan obodonlashtirish ishlari o‘rganildi.
Ta’lim-tarbiya masalalari ishchi guruhining diqqat markazida bo‘ldi. Rapqon qishlog‘ida faoliyat olib borayotgan «Ma’rifat markazi»dagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar, yaratilgan sharoitlar ham ko‘zdan kechirildi. Bundan tashqari, 39,18, 1, 14-maktablarda pedagogik jamoalar va o‘quvchilar bilan muloqotlar o‘tkazildi. Ta’lim sifati va samaradorligini o‘rganish maqsadida test sinovlar o‘tkazildi.
Senat ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar, muloqotlarda asosiy e’tibor fuqarolar bilan ishlashning davlatimiz rahbari tomonidan belgilab bergan «mahallabay» tizimi ijrosi aholining muammo va murojaatlarini hal etish masalalariga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
M.Sulaymonov, O‘zA