Senator aholi vakillari bilan uchrashdi
Oliy Majlis Senatining doimiy asosda ishlovchi senatorlari hududlarda bo‘lib, yangi qabul qilingan qonunlar, qarorlar mohiyatini aholiga yetkazish, fuqarolar murojaatlarini o‘rganish maqsadida davra suhbatlari va uchrashuvlar tashkil etmoqda.
Senator Manzura Salimova Farg‘ona viloyatida o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati Kengashi kotibiyatida videokonferensaloqa shaklida o‘tkazilgan yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisida ma’qullangan qonunlar va ko‘rilgan masalalarning mazmun-mohiyati mas’ullarga va jamoatchilikka yetkazildi. M.Salimova yalpi majlisda ko‘rilgan masalalar yurtimiz rivoji, taraqqiyoti, eng muhimi, inson qadrini ulug‘lashdek g‘oyani o‘zida mujassam etganini alohida ta’kidladi.

Joriy yilning may oyida fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu tadbir yurtimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sanaladi. Mazkur voqelik mamlakatimizda shakllangan demokratik saylov tizimining uzviy qismi bo‘lib, unda fuqarolar o‘z xohish-irodasini erkin ifoda etadi. Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish hamda saylovni tashkil etishga ko‘maklashuvchi komissiyalar faoliyatini samarali tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.
– Farg‘ona viloyatida bu yil 1058 ta mahalla fuqarolar yig‘inida saylov o‘tkazilib, eng munosiblar saylanadi. Mazkur muhim tadbirni ochiq va oshkora o‘tkazish maqsadida joylarda tayyorgarlik ishlari boshlab yuborildi, – dedi senator Manzura Salimova. – Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlarining qarori bilan fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) saylovini tashkil etish hamda o‘tkazishda fuqarolar yig‘inlariga amaliy yordam ko‘rsatish uchun viloyat, tuman va shahar komissiyalari tuzildi va ular o‘z faoliyatini boshladi. Komissiyalar tarkibiga deputatlar, mahalla faollari, davlat organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari kiritildi.

Kun tartibidagi masala bo‘yicha mas’ullarga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Senator Oltiariq va Rishton tumanlarida fuqarolar yig‘inlari raislari (oqsoqollari) sayloviga tayyorgarlik ishlari bilan tanishdi. Furqat tumanida yashovchi fuqarolar Z.Turg‘unova, S.Madaminova, Sh.Shermatova hamda Z.Rahimovalar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatiga bandlik masalasi bo‘yicha ariza bilan murojaat qilishgan. Senator Manzura Salimova mazkur tumanga borib, murojaatchilar bilan uchrashdi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra, fuqarolarning ish bilan bog‘liq masalalari shu kunlarda ijobiy hal qilinadigan bo‘ldi. Shuningdek, tuman hokimligida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston tumanidagi “Muhammad Kamolxon Gulxayoxon Odilbek”, “Oq oltin Dashtxasan”, “Dashtcho‘lpon kelajagi”, "Esaxon Odilov" fermer xo‘jaligi rahbarlarining O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining qarorini ijro etilishi uchun yuzaga kelayotgan to‘sqinliklarni bartaraf etish masalasidagi murojaatlariga huquqiy yechim topish masalasi ko‘rildi.
M.Sulaymonov, O‘zA