Senatning yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 2026-yil 2-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining yigirmanchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Yalpi majlisda Konstitutsiyaviy sud faoliyatini, oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimini, Markaziy bank faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan, xalqaro mehnat standartlarining milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishiga oid qonunlar muhokama qilinadi.

Uyushgan jinoyatchilik va jamoat tartibiga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish, davlat veterinariya nazoratini takomillashtirish, ma’muriy javobgarlikni tartibga solishga qaratilgan qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bilan bog‘liq qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining Toza energiya markazi ustavini, Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida Giyohvandlikka qarshi kurashish markazi to‘g‘risidagi Bitimni, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy o‘rtasida abadiy yaxshi qo‘shnichilik, do‘stlik va hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnomani, shuningdek, O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida mahkumlarni topshirish to‘g‘risidagi Bitimni ratifikatsiya qilishga oid qonunlar muhokama qilinishi nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ham ko‘rib chiqilishi belgilangan.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat), O‘zA