Senatning o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 2026-yil 10-sentabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etmoqda.
Majlisda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirishlar kiritish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, davlat chegarasini qo‘riqlash hamda himoya qilishni yanada kuchaytirish, milliy gvardiya faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar ko‘rib chiqiladi.
Xalqaro fuqaro aviatsiyasi to‘g‘risidagi konvensiyaga kiritilgan o‘zgartirishlar bilan bog‘liq bayonnomalarni ratifikatsiya qilishga oid qonun muhokama qilinadi.
Bundan tashqari, Navoiy viloyatining Zarafshon shahri va Tomdi tumani, Surxondaryo viloyatining Qiziriq va Jarqo‘rg‘on tumanlari ma’muriy-hududiy chegaralarini o‘zgartirishga doir masalalar ham kun tartibidan o‘rin olgan.

Yalpi majlisda yer va ko‘chmas mulk munosabatlarini tartibga solish holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi hamda mamlakatimizda oila institutini mustahkamlash va nikohdan ajralishlarning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqiladi.
Senatorlar Senat kengashi qarorlarini tasdiqlash masalasini ham ko‘rib chiqadi.
Yalpi majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida batafsil yoritib boramiz.
N.Abduraimova,
N.Haydarov (surat)O‘zA