Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi
Bugun, 2026-yil 18-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.
Unda Senat va Hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqarayotgan majlis kun tartibiga mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivoji, xalqimiz manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan masalalar kiritilgan.

Jumladan, majlis kun tartibiga elektron tijorat sohasini rivojlantirish, milliy qonunchilikni Jahon savdo tashkiloti talablari bilan uyg‘unlashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini kuchaytirish hamda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarni himoya qilish tizimini takomillashtirishga oid qonunlar kiritilgan.
Iqtisodiy va ma’muriy sudlarga murojaat qilishda fuqarolar hamda tadbirkorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish, raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirish, madaniy meros sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga doir qonunlar ham muhokama qilinadi.

Giyohvandlik vositalari va kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasi uchun javobgarlikni takomillashtirish, umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmatga oid qonunchilikni takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqiladi.
Yalpi majlisda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziriga qurilish sohasida korrupsiya va manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish yuzasidan, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga tabiiy, texnogen va ekologik xususiyatli favqulodda vaziyatlar monitoringi holati yuzasidan parlament so‘rovlari yuborilishi kutilmoqda.
Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning 2025-yilda bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi eshitiladi.
Oliy sud tarkibiga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi masala ham ko‘rib chiqiladi.
Majlisda ko‘rib chiqiladigan barcha masalalar haqida saytimizda batafsil yoritib boramiz. Bizni kuzatib boring!
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat),
O‘zA