Senat Raisi: senatorlar 200 ga yaqin murojaatda ko‘tarilgan muammolarni ijobiy hal etdi
Senat yalpi majlisida iqtisodiyotni yanada o‘stirish, tadbirkorlikni rivojlantirish, ish o‘rinlari yaratish, kambag‘allikni yanada qisqartirish eng ustuvor vazifalardan ekanligiga e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy kafolatlarni ta’minlash, infratuzilmani rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, soha va tarmoqlarga zamonaviy texnologiyalar, jumladan, sun’iy intellektni keng joriy etish kabilar ham shular jumlasidandir.
– Prezidentimiz bu borada aniq vazifalarni belgilab bermoqda, – dedi Senat Raisi Tanzila Norboyeva. – Shunday ekan, barcha darajadagi vazirlik, idoralar, qolaversa biz, xalq vakillari ham mas’uliyatni yanada oshirib, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar qilishimiz kerak. Birinchi galda qonunchilik faoliyatimizni yanada faollashtirishimiz zarur. Yil boshidan beri 19 ta qonunni ko‘rib chiqdik. Qonunchilik tashabbusi doirasida 9 qonun loyihasi tayyorlandi. Ulardan bittasi Qonunchilik palatasida qabul qilinib, bugungi majlisimiz kun tartibiga ham qo‘yildi. Bu – “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonundir. Qolgan loyihalar bo‘yicha kelishuv jarayonlari ketmoqda.

Senat qo‘mitalari ko‘plab ilmiy-tadqiqot muassasalari, aql markazlari bilan hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha memorandumlar imzoladi. Endilikda ular bilan birga amaliy harakatlarni kuchaytirgan holda chuqur tahlillar o‘tkazib, u yoki bu sohaga oid qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha har tomonlama asoslangan taklif va tashabbuslar o‘rtaga tashlanishi kerak.
Yana bir muhim yo‘nalish – nazorat-tahlil ishlaridan iborat. Yil boshidan buyon 20 dan ziyod turli mavzularda o‘rganishlar, tahlillar, so‘rov va eshituvlar o‘tkazildi. Asosiy e’tibor hududlarga qaratilib, aksariyat o‘rganish va tahlillar bevosita joylarga chiqqan holda, mahalliy kengashlar bilan hamkorlikda amalga oshirildi. 5 ta hududda (Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Navoiy, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari) ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish ishlari holati o‘rganildi.
“Senatorlarning sa’y-harakatlari bilan joylardagi ayrim masalalarga ijobiy yechim topildi. 2,5 mingdan ziyod aholi murojaatlari ko‘rib chiqilib, 1,6 mingdan ortig‘i qonuniy hal qilish talabi bilan mutasaddi vazirlik, idoralar e’tiboriga havola etildi. Har uchtadan bitta murojaat (34 foiz) yuzasidan huquqiy yechimlar ko‘rsatilib, qanoatlantirildi.
Senatorlarning bevosita aralashuvi bilan 200 ga yaqin murojaatda ko‘tarilgan muammolar ijobiy hal etildi.
Faoliyatimiz samaradorligi haqida so‘z borar ekan, biz faqatgina oldindan belgilab olingan rejali ishlar bilan cheklanib qolmasligimiz kerak. Binobarin, har birimiz zimmamizdagi mas’uliyatni, xalqimiz, Prezidentimiz ishonchini his qilib, yanada e’tiborli va tashabbuskor bo‘lishimiz kerak”, dedi Senat Raisi.
Norgul Abduraimova,
Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA