Senat Raisi: Binolarni avval barpo etib, keyin rasmiylashtirish kabi nomaqbul amaliyotga chek qo‘yiladi
Senat yalpi majlisida “Qurilish sohasida davlat nazorati va boshqaruvi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizda shaharsozlik va qurilish sohasini isloh qilish, aholi uchun xavfsiz va qulay yashash muhitini yaratish, qurilish ishlarining sifati va shaffofligini ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
Senat Raisi Tanzila Norboyeva mazkur qonun faqat qurilish sohasidagi ma’muriy tartib-taomillarni takomillashtirishga emas, balki fuqarolarning hayoti, salomatligi, mulkiy huquqlari hamda xavfsiz yashash muhitini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidladi. O‘zbekiston seysmik faol hududda joylashgani bois har bir bino va ko‘p kvartirali uy qonunchilik, shaharsozlik normalari hamda xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishi shart.

– Qurilish sur’ati ortishi bilan davlat nazorati ham yanada samarali, shaffof va ta’sirchan bo‘lishi lozim, – dedi T.Norboyeva. – Zero, qurilish jarayonida yo‘l qo‘yilgan har qanday qonunbuzarlik yoki beparvolik kelgusida yuzlab oilalar xavfsizligiga tahdid solishi mumkin. Qonunda nazarda tutilgan normalar, eng avvalo, insofli tadbirkorlar va quruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Sohada qonun ustuvorligini ta’minlanadi. Binolarni avval barpo etib, keyin rasmiylashtirish kabi nomaqbul amaliyotga chek qo‘yiladi.
Senatning Byudjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobil Tursunov qurilish jarayonlari ustidan davlat nazorati samaradorligini oshirish, binolarning seysmik xavfsizligini mustahkamlash hamda shaharsozlik hujjatlarini takomillashtirish haqiqatan zaruratga aylanganini ta’kidladi.
Qonun bilan Jinoyat kodeksi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, ko‘p kvartirali uylarni qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyalarining ruxsatnomasisiz qurganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Shu munosabat bilan Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli normalari ham muvofiqlashtirilmoqda.

“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunga qurilish-montaj ishlarini boshlash haqida xabarnoma yuborish amaliyoti o‘rniga, ushbu ishlarni boshlash uchun qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalaridan ruxsatnoma olish tartibini joriy etuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Shaharsozlik kodeksi hamda “O‘zbekiston Respublikasi aholisi va hududining seysmik xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartirishlar bilan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining seysmik xavfsizlik sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda, shuningdek shaharsozlik hujjatlari tarkibiga master-reja kiritilmoqda.
Senatorlar ma’qullagan qonun qurilish sohasida qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat nazoratining samaradorligi va ta’sirchanligini oshirish, aholi uchun xavfsiz yashash muhitini yaratish hamda shaharsozlik faoliyatini zamonaviy talablar asosida tashkil etishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA