Senat: bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi
O‘zbekiston bo‘ylab 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan keng ko‘lamli tadbirlar o‘tkazildi. Bu sana Senatda ham nishonlandi. Senatorlar Bolalar harakati sardorlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, mamlakat taraqqiyoti, avvalo, barkamol, bilimli va vatanparvar avlodni tarbiyalash bilan chambarchas bog‘liq. Shu bois, bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ularning ovozini eshitish hamda qaror qabul qilish jarayonlarida ishtirokini kengaytirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida mamlakatimizda bolalarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, ular uchun munosib shart-sharoitlar yaratish, sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida batafsil ma’lumot berildi.
Keyingi yillarda bolalar huquqlarini himoya qilishning huquqiy asoslari yanada mustahkamlanib, ularni har qanday zo‘ravonlikdan himoya qilish, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim va tarbiya sifatini oshirish hamda yosh avlodning iqtidori va iste’dodini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Muloqot jarayonida Bolalar harakati sardorlari va Yoshlar parlamenti a’zolari o‘z chiqishlarida tengdoshlarini qiziqtirayotgan dolzarb masalalar, yoshlar tashabbuslari hamda bolalarning jamiyat hayotidagi ishtirokini yanada kengaytirishga oid taklif va mulohazalarini bildirdi.
Uchrashuv mobaynida ishtirokchilar Senat faoliyati, parlament ish jarayonlari haqida ham batafsil ma’lumot oldi.
N.Abduraimova, O‘zA