Sayyor qabullar muammolar yechimiga xizmat qilmoqda
O‘zLiDeP tomonidan amalga oshirilayotgan “Xalq bilan birga” umummilliy dasturi doirasida aholi bilan ochiq muloqot qilish, fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyida o‘rganish va ularga tezkor yechim topishga qaratilgan sayyor qabullar muntazam o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi sayyor qabul Konimex tumanida tashkil etilib, unda O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aktam Xaitov ishtirok etdi.
Sayyor qabul davomida fuqarolar tomonidan ish bilan ta’minlash, yer va mulk munosabatlari, kommunal xizmatlar, ichimlik suvi, elektr ta’minoti, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy himoya, kredit ajratish, infratuzilmani yaxshilash hamda fuqarolarni qiynayotgan boshqa masalalar yuzasidan murojaatlar bildirildi.

Uchrashuvda 41 ta murojaat qabul qilinib, ularning 37 tasi mas’ul tashkilotlar ishtirokida joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi. Shuningdek, ularni qonunchilik talablari asosida hal etish yuzasidan mutasaddi tashkilotlarga tegishli vazifalar yuklatildi.
– Har bir murojaat ortida inson taqdiri, oila manfaati va yurt ravnaqiga daxldor masalalar mujassam, – deydi Qonunchilik palatasi deputati Galiya Rayxanova. – Shu bois partiyamiz aholi bilan doimiy muloqotni ta’minlash, fuqarolarning muammolarini eshitish va ularga amaliy yechim topishni o‘z faoliyatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan. Bunday sayyor qabullar esa fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi ishtirokini kuchaytirish, xalq ishonchini mustahkamlash hamda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” tamoyilini hayotga izchil tatbiq etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Tadbir yakunida mutasaddi rahbarlarga murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli hal etish, aholi bilan muloqot madaniyatini yanada takomillashtirish hamda har bir masalaga mas’uliyat bilan yondashish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri