Sayyor qabullar migratsiyaga oid murojaatlarga ham yechimdir
“Inson qadri uchun” tamoyili asosida Ichki ishlar vazirligi tizimida fuqarolarga qulay va tezkor davlat xizmatlarini ko‘rsatish hamda murojaatlarga manzilli yechim topish maqsadida shaxsiy va sayyor qabullar muntazam tashkil etib kelinmoqda.
Mazkur yo‘nalishdagi amaliy ishlarning davomi sifatida Toshkent viloyati IIBB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi tomonidan murojaatlar ko‘p kelib tushayotgan hududlarda navbatdagi sayyor qabullar o‘tkazildi. Xususan, Bekobod shahri va tumani hamda Olmaliq shahrida migratsiya va fuqarolik masalalariga bag‘ishlangan sayyor qabullar tashkil etildi.

Unda Bekobod hududi bo‘yicha 80 dan ortiq murojaat o‘rganilgan bo‘lsa, Olmaliqdan esa 140 nafar fuqaroning murojaati ko‘rib chiqildi. Ushbu murojaatlarning 100 dan ortig‘i O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish yo‘nalishida bo‘lib, 62 nafar shaxsdan fuqarolikni olish uchun hujjatlar qabul qilindi. Shu bilan birga, 44 nafar murojaatchiga fuqarolik olish tartibi va qonunchilik talablari yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shuningdek, yoshi va sog‘lig‘i sababli migratsiya bo‘linmalariga kelish imkoniyati bo‘lmagan, ijtimoiy himoyaga muhtoj 60 nafarga yaqin fuqarolarning yashash manzilida ID-karta rasmiylashtirish uchun hujjatlar qabul qilindi. Mazkur hujjatlar shu kunning o‘zida topshirilishi ta’minlandi. Pasport ma’lumotlaridagi texnik xatoliklar bo‘yicha 10 nafar fuqaroning murojaati joyida bartaraf etildi.

Bundan tashqari, sayyor qabullar davomida migratsiya va pasport qoidalariga rioya etilishi yuzasidan profilaktik tadbirlar ham o‘tkazildi. Nazorat jarayonida ba’zi fuqarolarning O‘zbekiston Respublikasida bo‘lish va yashash qoidalarini buzgani aniqlanib, qonunchilikka muvofiq choralar ko‘rildi.

Tadbirlar yakunida viloyatda doimiy yashovchi 11 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingani munosabati bilan ularga rasmiylashtirilgan ID-karta tantanali ravishda topshirildi. Umuman olganda, mazkur hududlarda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida migratsiya va fuqarolik masalalariga oid 220 dan ortiq murojaat ko‘rib chiqilib, ularning 160 tasi yoki 72 foizi qabul jarayonidayoq ijobiy hal etildi.

Muhimi, bu kabi sayyor qabullar fuqarolarning murojaatlarini tezkor va manzilli hal etish, migratsiya sohasida davlat xizmatlari sifatini oshirmoqda.
A.Musayev, O‘zA.