Sayyor qabulda murojaatlar joyida hal etildi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani Xalq qabulxonasida O‘zbekiston Milliy axborot agentligi Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan sayyor qabul o‘tkazdi.
Sayyor qabulda G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov boshchiligida, hokim o‘rinbosarlari, Xalq qabulxonasi mas’ullari, korxona, tashkilot, muassasa rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.
Sayyor qabulda aholining turli sohalarga oid muammolari, talab va takliflari eshitildi.

Qabulda fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoyalash, ularni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratildi. Murojaatlarning aksariyati uy-joy, moddiy yordam, pensiya, bolalar nafaqasi, ishga joylashish, oila turmush munosabatlari borasida bo‘ldi. Har bir murojaat mutasaddilar tomonidan birma-bir muhokama qilindi, joyida ijobiy hal etildi.
Dastlab tumanning Nayman qishlog‘ida yashovchi Laylo Rahmonova hamda “Zarangari” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Zarnigor Rustamovalarni ishga joylashtirish bo‘yicha qilingan murojaati tinglandi. Ular tumandagi eng yirik tikuv korxonasiga ishga joylashtirildi. Ishsiz fuqarolarning murojaatlari ijobiy yechim topdi.

– 21 yoshli o‘g‘limning oyog‘i onkologik kasallik bilan kasallanganligi aniqlandi, – deydi “Firishkent” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Shahnoza Karimova. –O‘g‘limni davolab, unga endoprotez qo‘yish uchun murojaat qilgandim. Murojaatim ijobiy hal etildi. Tuman hokimi bu masalada mas’ullarga topshiriq berdi. “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritishdi. 30 million so‘m moddiy yordam berib davolanishni boshlash uchun imkoniyatlar yaratiladigan bo‘ldi.
“Sarvari” mahalla fuqarolar yig‘inidan kelgan Zamira Jo‘rayeva o‘g‘li 1-guruh nogironi ekanligini ta’kidlab unga nogironlik aravachasi berishni so‘rab murojaat qildi. Fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi. Mutasaddilar fuqaroning farzandi uchun nogironlik aravacha berishdi.
– Juda ham minnatdor bo‘ldim, – deydi Zamira Jo‘rayeva. –Hech ham o‘ylamagandim masala zudlik bilan hal etiladi deb. Buning uchun Davlat rahbariga rahmat. Mana shunday bizdek insonlarni dardiga sherik bo‘lib, mushkulimizni oson qiladigan tizim yaratib berganliklari uchun.
– Farzandlarim uyli-joyli bo‘lgan, – deydi Bo‘ktaroy mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Isroil Bozorov. – Nevaram tashvishi bilan kelayapman. Nevaram tug‘ma nogiron bo‘lib tug‘ilgan. Davlat tomonidan barcha yordamlar berilmoqda. Lekin unga elektron aravacha bugun juda ham zarur bo‘lib qolmoqda. Shunga mutasaddilardan elektron aravacha berishda amaliy yordam so‘radim.
Fuqaro Isroil Bozorovning nevarasi 2005 yil yanvar oyida tug‘ilganligi aniqlandi. Fuqaroning nevarasi 2023 yilning yanvar oyidan boshlab “Yoshlar daftari”ga kiritilishi bo‘yicha asoslangan tushuntirishlar berildi. Natijada mutasaddilar “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan elektron aravacha olib berishni va’da berishdi.

Qabul davomida har bir murojaat atroflicha ko‘rib chiqildi. E’tirozli holatlar bo‘yicha hokimlik, masalaga daxldor boshqarma, tashkilot va korxonalar rahbarlariga tegishli topshiriq berildi.
G‘ijduvonlik Feruza Ergasheva sayyor qabulda mas’ullarga oila turmush munosabatlari, uy-joy va ish masalasi bo‘yicha murojaat qildi. Aniqlanishicha Feruza Ergasheva yaqinda Jazoni ijro etish muassasasidan qaytib kelgan ekan. Uning muammolari mutasaddilar tomonidan atroflicha muhokama etilib ijobiy hal etildi.
Murojaatlarning aksariyati shu yerning o‘zida hal qilindi. Shuningdek, murojaat yuzasidan mualliflarga huquqiy tushuntirish berildi.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA