Sayyor qabulda fuqarolarning kadastrga oid muammolari hal etildi
Davlat kadastrlari palatasi raisi v.v.b. Behzodjon Karimov boshchiligida Davlat kadastrlari palatasi markaziy apparatining mas’ul xodimlari ishtirokida Toshkent shahrida aholining sohaga oid murojaatlarini o‘rganish va fuqarolarni qiynayotgan masalalarga yechim topish maqsadida sayyor qabul bo‘lib o‘tdi.
Dastlab fuqarolarga kadastr sohasidagi qonunchilikka kiritilgan yangiliklar, amalga oshirilayotgan islohotlar hamda aholi uchun yaratilayotgan qulayliklar haqida batafsil tushuntirishlar berildi.
Fuqarolarni qiynayotgan muammolarni joyiga chiqqan holda o‘rganish, murojaatlarni ortiqcha ovoragarchiliksiz ko‘rib chiqish va qonuniy yechim topish maqsadida tashkil etilgan sayyor qabul davomida yer uchastkalari va ko‘chmas mulkka oid masalalar, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish va davlat ro‘yxatidan o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, kadastr ma’lumotlarini shakllantirish va yangilash,davlat kadastr xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalar, tadbirkorlik faoliyatiga oid kadastr masalalari hamda kadastr sohasidagi murojaat, taklif va muammolar muhokama qilindi.

Murojaatlarning har biri individual tartibda ko‘rib chiqilib, masalalarning huquqiy yechimi yuzasidan zarur tushuntirishlar berildi. Ayrim murojaatlarni joyida hal etish choralari ko‘rilgan bo‘lsa, qo‘shimcha o‘rganishni talab qiladigan masalalar bo‘yicha tegishli tartibda ish olib borish, aniqlangan muammolarga qonunchilik doirasida yechim topish hamda murojaatlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Gulnoza Boboyeva,O‘zA