Sayyor qabul odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashiga xizmat qiladi
O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Andijon viloyati kengashi binosida Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev boshchiligida sayyor qabul o‘tkazildi.
Fuqarolar va tadbirkorlarning kadastr sohasiga oid murojaatlarini bevosita tinglash, ularga huquqiy tushuntirish berish hamda mavjud muammolarni joyida hal etish maqsadida tashkil etilgan va qariyb o‘n soat davom etgan sayyor qabul jarayonida viloyatning turli hududlaridan kelgan 400 nafardan ortiq fuqaro va tadbirkorlarning murojaati eshitildi.
Sayyor qabulning o‘ziga xos ahamiyati shunda bo‘ldiki, murojaatlar shunchaki qabul qilish bilan cheklanib qolingani yo‘q. Balki har bir murojaat alohida o‘rganilib, qonuniy hal yetish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi, vakolat doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan murojaatlar shu yerning o‘zida ijobiy yechimini topdi.
– Sayyor qabulda kadastr raqami bilan bog‘liq muammoli masala yuzasidan murojaat qilgan edim, – deydi “Andijon oltin ildizi” fermer xo‘jaligi rahbari Ibrohimjon Umarxo‘jayev. – Murojaatim ko‘rib chiqilib, ijobiy yechim topdi.
Tadbirkorlar tomonidan kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, ko‘chmas mulk ob’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish va boshqa masalalar yuzasidan qilingan murojaatlar ko‘rib chiqilib, ularning aksariyati ijobiy hal etildi. Bu, albatta, tadbirkorlarning ortiqcha vaqt sarflashi, ovoragarchilikni kamaytirish, ularning qonuniy faoliyatini ta’minlash hamda kadastr xizmatlaridan foydalanish jarayonida yuzaga kelayotgan masalalarni tezkor hal etishga xizmat qildi.
[gallery-31723]
– Bir necha yil avval safarda ekanligimdan men yashayotgan xonadon qarindoshim tomonidan qalbaki hujjatlar bilan tuman hokimining qarori asosida auksion savdoda sotib yuborilgan, – deydi Andijon tumanidagi Otchopar mahallasida yashovchi Bahodir Mirzayev. – Auksionga taqdim etilgan hujjatlarning qalbaki ekanligi huquq-tartibot idoralari tomonidan aniqlanib, tegishli xulosa berildi. Lekin xonadonning kadastr hujjatlarini qayta rasmiylashtirishda muammolar yuzaga kelmoqda. Qabulda ana shu muammolarni hal etishga yordam ko‘rsatilishini so‘rab murojaat qildim. Kadastr agentligi rahbari masalani qonuniy o‘rganib, hal etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriq berdi. Ishonamanki, meni bir necha yildan buyon qiynab kelayotgan muammo bartaraf etiladi.
Fuqarolarning qator murojaatlari sayyor qabulning o‘zidayoq hal etildi. Qo‘shimcha o‘rganishni talab etadigan masalalarga mas’ullar biriktirilib, ularning ijrosi nazoratga olindi.
Kadastr agentligi tomonidan fuqaro va tadbirkorlar bilan bu kabi ochiq muloqot hamda sayyor qabullar o‘tkazilishi belgilangan. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarni joyida o‘rganish, hal etishdan iborat.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (foto),
O‘zA muxbirlari.