Sayyohlik imkoniyatlari namoyish etildi
Poytaxtimizda “Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi.
Poytaxtimizda “Ipak yo‘lidagi turizm” XX Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi yakunlandi.
“O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi va “Buyuk ipak yo‘li” reklama agentligi tomonidan BMT Jahon sayyohlik tashkiloti ko‘magida tashkil etilgan mazkur anjumanda O‘zbekiston, Ispaniya, Avstriya, Shveytsariya, Janubiy Koreya, Hindiston, Malayziya, Birlashgan Arab Amirliklari, Tailand, Singapur, Chexiya, Latviya, Polsha, Indoneziya, Eron, Turkiya kabi qirqdan ortiq mamlakatdan ko‘plab sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.
«Turizm va san’atning ipak bog‘lami» shiori ostida o‘tkazilgan bu galgi yarmarka ishtirokchilar soni va namoyish etilgan loyihalarning turfa xilligi, rang-barangligi, qiziqarli taqdimotlarga boyligi bilan alohida ajralib turdi.
– “Ipak yo‘lidagi turizm” yarmarkasida bu yil beshinchi bor ishtirok etdik, – dedi Malayziyaning "Tourism Malaysia" kompaniyasi departament direktori Normasila Muso. – O‘zbekistonda sayohatlarni mazmunli o‘tkazish va hordiq chiqarish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. Tarixiy obidalar, samimiy mehmondo‘stlik, ko‘zni qamashtiruvchi hunarmandlik buyumlari hamda yurtingizdagi tinchlik-totuvlik muhiti butun dunyo sayyohlarini o‘ziga jalb etmoqda. BMT Jahon sayyohlik tashkiloti Ijroiya kengashining 99-sessiyasi Samarqandda o‘tkazilgani O‘zbekistonning ulkan sayyohlik salohiyati va xalqaro miqyosdagi nufuzi tobora yuksalib borayotganining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.
Yarmarka ishtirokchilari sohadagi yutuqlar, yangiliklar bilan tanishdi. Milliy va xalqaro sayyohlik tashkilotlari, mehmonxona va restoranlar, muzeylar, bank xizmatlari, sug‘urta kompaniyalari hamda oromgohlar vakillari ishtirok etgan ushbu yarmarkada mamlakatimizning sayyohlik salohiyati va taklif etilayotgan xizmatlar, xushmanzara tabiatimiz va noyob me’moriy obidalarimiz aks etgan eksponatlar, xalq hunarmandligi buyumlari keng namoyish qilindi.
– Birlashgan Arab Amirliklarida O‘zbekiston xalqining boy madaniyati, tarixi va bugungi taraqqiyoti bilan tanishishga qiziqish yuqori, – dedi Birlashgan Arab Amirliklarining "Tamani Marina" kompaniyasi bosh menejeri Valid Noxel Al-Ava. – Shu bois yarmarkada mamlakatlarimiz o‘rtasida sayyohlar almashinuvini yanada kengaytirish bo‘yicha O‘zbekistonning qator sayyohlik kompaniyalari bilan hamkorlik o‘rnatdik.
“O‘zbekiston bo‘ylab sayohat milliy pavilyoni” stendlari yarmarka ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Ular Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlarning sayyohlik salohiyati bilan keng tanishdi.
– To‘rt yulduzli mehmonxonamizda sayyohlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatiladi, – dedi "Grand Bukhoro" mehmonxonasi rahbari Ahmad Husainov. – O‘tgan yili besh mingdan ziyod xorijlik sayyoh va o‘n mingdan ortiq yurtdoshlarimizga xizmat ko‘rsatdik. Yarmarkada qator turistik tashkilotlar bilan o‘zaro manfaatli, uzoq istiqbolga mo‘ljallangan kelishuvlarga erishdik.
Yarmarka doirasida mamlakatimiz turizmida yangi loyiha – “Hosted buyers /Professional xaridor/” dasturi boshlandi. Bu dastur istiqbolli sheriklar va xaridorlar o‘rtasidagi uchrashuvlarni oldindan belgilash, ularga muayyan imtiyozlar berish orqali sohada ishbilarmonlik muhitini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Tadbir qatnashchilari “Milliy taomlar festivali”, “Sharq bozori” ekspozitsiyalarida o‘zbek milliy taomlari va sarxil meva-sabzavotlardan tatib ko‘rish, “Hunarmandlar shaharchasi” bo‘limida milliy hunarmandlik buyumlarini xarid qilish imkoniga ega bo‘ldilar. O‘zbek milliy liboslari namoyishi, milliy musiqa va raqslarimiz ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Xalqaro yarmarka doirasida “Turizm sohasida ijtimoiy hamkorlik: ta’lim va ish bilan ta’minlash” mavzusida xalqaro forum ham bo‘lib o‘tdi.
Toshkent xalqaro sayyohlik yarmarkasi doirasida eng yaxshi sayyohlik yo‘nalishi taqdimoti, kompaniya va mehmonxona taqdimoti, eng yaxshi stend, eng yaxshi servis, eng yaxshi dizayn, ko‘p yillik va sermahsul hamkorlik kabi qator yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi va taqdirlandi.