Sayyohlar uchun qulayliklar yaratilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining turizm sohasini jadal rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish va sayyohlar uchun qulay infratuzilma yaratishga qaratilgan tashabbuslari Buxoro viloyatida izchil amalga oshirilmoqda.
Davlat rahbarining 2026-yil 30-apreldagi “Hududlarda turizm infratuzilmasini jadal rivojlantirish va sohada loyiha boshqaruvi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida 2026–2027-yillarda hududlarda turizmni rivojlantirish bo‘yicha aniq maqsadli ko‘rsatkichlar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosi doirasida joriy yilda Buxoro viloyatida sayyohlar uchun 4 ta yangi sanitariya-gigiyena shoxobchasini tashkil etish vazifasi belgilangan edi. Bugungi kunda ushbu vazifa amalda ta’minlanib, viloyatning turistlar eng ko‘p tashrif buyuradigan hududlarida zamonaviy sanitariya-gigiyena shoxobchalari foydalanishga topshirildi. Xususan, yangi shoxobchalar Buxoro shahridagi “Islom tamadduni namoyandalari xiyoboni”, Kogon tumanidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohi, G‘ijduvon tumanidagi “G‘ijduvon hunarmandchilik markazi” hamda Buxoro shahridagi Ark qo‘rg‘oni hududlarida tashkil etildi. Bu avvalo, turizm infratuzilmasida oddiydek ko‘ringan, ammo sayyohning umumiy taassuroti va sayohat sifatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muhim masalalarni hal etishga qaratilgan amaliy qadamdir.

Zero, zamonaviy turizm faqat tarixiy obidalar, ziyoratgohlar va diqqatga sazovor maskanlarni namoyish etish bilan cheklanmaydi. Sayyohga qulay transport, ovqatlanish, dam olish, axborot olish va sanitariya-gigiyena sharoitlarini yaratish ham turistik xizmatlar sifatining muhim mezoni hisoblanadi. Shu ma’noda, yangi shoxobchalarning aynan sayyohlar oqimi yuqori bo‘lgan maskanlarda tashkil etilgani muhim ahamiyat kasb etadi.
Ayniqsa, Buxoro kabi boy tarixiy-madaniy merosga ega hududda turistik infratuzilmaning har bir elementi sayyohlik muhitining yaxlitligini ta’minlashga xizmat qiladi. Bu esa xorijiy mehmonlarda hudud haqida ijobiy taassurot shakllantirish, ularning sayohat davomiyligini oshirish va turistik xizmatlarga bo‘lgan talabni rag‘batlantirishda muhim omil bo‘lishi mumkin.

Yangi sanitariya-gigiyena shoxobchalarining barpo etilishi Prezident qarorlarida belgilangan vazifalarning qog‘ozda qolib ketmasdan, bevosita aholi va sayyohlar ehtiyojiga xizmat qiladigan amaliy natijaga aylanayotganini ko‘rsatadi. Eng muhimi, bu kabi loyihalar Buxoroni nafaqat tarix va madaniyat markazi, balki zamonaviy, qulay va sayyoh uchun do‘stona turistik hudud sifatida yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kelgusida turistik ob’ektlar atrofida infratuzilmani kompleks takomillashtirish, xizmatlar sifatini oshirish va sayyohlar uchun qulay shart-sharoitlarni kengaytirish Buxoro viloyatining turistik salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri