“Sayohat – ziyorat – salomatlik”
11 noyabr – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kuni
Samarqand shahrida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi Samarqand viloyat Kengashi, viloyat axborot va ommaviy kommunikatsiyalar boshqarmasi hamda O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi hamkorligida “Sayohat – ziyorat – salomatlik” shiori ostida yurish marafoni tashkil etildi.
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyat Kengashi xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan marafon Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylari – “Sharq” kinoteatri oldidan Alisher Navoiy nomidagi Markaziy istirohat bog‘i, Universitet xiyoboni, Amir Temur maqbarasi, Registon maydonigacha bo‘lgan masofani qamrab oldi.
[gallery-14484]
– Yurtimizda inson qadrini ulug‘lash, huquqiy himoyasini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida kasaba uyushmalarining o‘rni va roli tobora ortib bormoqda, – deydi O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasining Samarqand viloyat Kengashi raisi Suhrob Rafiqov. – O‘zbekiston Kasaba uyushmalari kunining belgilanishi ham tizimning jamiyatdagi o‘rni nechog‘lik muhim ekanligini ko‘rsatmoqda. Bugungi yurish marafonidagi uyushqoqlik ham yuqoridagi fikrlarimizning yorqin isboti, deb bilaman. Marafonni “Sayohat – ziyorat – salomatlik” deb nomlab muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish orqali ham ruhimizni, ham jismimizni salomat saqlashga bo‘lgan intilishlarimizni ifoda etdik. Bu aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzining o‘ziga xos targ‘iboti vazifasini ham o‘tadi, deb o‘ylayman.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari