Sayohat manzillari: “Suzuk ota” majmuasi (+video)
O‘zAning yangi “Sayohat manzillari” loyihasi orqali Toshkentning Chorsu bozori yaqinida joylashgan muqaddas tarixiy maskan – “Suzuk ota” majmuasiga tashrif buyuramiz.
Bu manzil nega shu nom bilan ataladi? Nima uchun Amir Temur bobomiz shu joyda 6 oy qolib ketgan? Sho‘rolar davrida zavod joylashtirilgan joy qanday qilib yana muqaddas dargohga aylandi? Ayni savvollarga sayohatimiz davomida yetarlicha javob olasiz, degan umiddamiz.
Ismning siri: nega Suzuk ota?
Hazrat Shayx Mustafoqul Xo‘ja 1140-yil Turkistonning Qorachiq qishlog‘ida tug‘ilgan. U Yassaviya tariqati asoschisi Hoja Ahmad Yassaviyning nabirasi, Gavhari Xushtoj va Shayx Ahmad Al-Qorachig‘iyning kenja o‘g‘li.
Odobi, itoati va zakovati bilan ajralib turgan Mustafoqul yoshligidan bobosiga sidqidil xizmat qilgan. Ahmad Yassaviy nabirasini mehr bilan “suzugim, mening suyukligim”, deb atagan ekan. Vaqt o‘tishi bilan xalq orasida shu nom keng tarqalgan. Rivoyat qilishlaricha, Suzuk ota nafaqat olim, balki duosi ijobat bo‘ladigan zot ham bo‘lgan. Nogahon, dalada ishlayotgan payti bir oqsoqol u kishidan yordam so‘raydi. Suzuk ota yerga qarab “Ekilgani qolsin, begonasi chiqsin”, deydilar. Qarang-ki, begona o‘tlar o‘z-o‘zidan sug‘urilib chiqadi. Bu hodisa tezda mahallaga ayon bo‘ladi. Odamlar Mustafoqulni ilmli, donishmand va duogo‘y zot sifatida tanib, nasihat olish, ilm o‘rganish uchun uning oldiga kela boshlaydilar. Shu tariqa, hudud ma’naviy, ilmiy markazga aylanib boradi.
Amir Temur va me’morchilik
1363-yil Sohibqiron Amir Temur harbiy yurish payti Toshkentda betoblanib qoladi. Aynan shu hududning havosi, ma’naviy muhiti esa uning dardiga shifo beradi. Shunda bobomiz minnatdorlik ramzi sifatida Suzuk ota qabri ustiga maqbara va masjid qurdiradi.
Sharq me’morchiligi an’analari asosida qurilgan bino devoridagi nafis o‘ymakor naqsh, gumbaz va ayvon majmuaga o‘ziga xos mahobat bag‘ishlagan.
Qora kunlar: zavodga aylanish
Tarix har doim mehribon emas, deyishadi. Darhaqiqat, 1936-yil o‘sha zamon hokimiyati tomonidan masjid va maqbara yopilib, majmua hududida metall buyumlar ishlab chiqariladigan korxona tashkil etiladi. Xonalar ombor, ishlab chiqarish sexlariga aylantiriladi. Yillar davomida zaharli chiqindi ariqqa tashlanadi. 1966-yil yuz bergan zilzila oqibatida maqbara gumbazi qulaydi va uzoq vaqt ta’mirlanmaydi. Nihoyat 1989-yil mahalliy aholi noroziligi sabab, ishlab chiqarish faoliyati to‘xtatiladi. 1990-yil majmuani tiklash ishlari boshlanadi. Kutubxona va ayvon qayta barpo etiladi. 1996-yildan boshlab masjid rasman ro‘yxatdan o‘tkazilib, Hayit bayramida tantanali va’z o‘qiladi.
Faqat 2017-yilga kelibgina, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan majmua to‘liq rekonstruksiya qilina boshlaydi. 2019-yil to‘liq tiklangan bu maskanda hozir nafaqat masjid, balki hunarmandlar sulolasi yashaydigan 34 ta maxsus uy barpo etilgan.
Hunarmandlar maskani
Suzuk ota shogirdlariga shunday degan ekan:
– Ilm o‘rgan, ammo hunaring ham bo‘lsin.
Asrlar davomida shakllangan bu maskanda yog‘ochga jon baxsh etayotgan usta yoki tilla qosh tikayotgan hunarmandni ko‘rib, beixtiyor xalqimizning boy madaniyatiga yana bir bor tahsin aytasan, kishi...
Bugun bu dargohda yog‘och o‘ymakorligi, kashtachilik, to‘quvchilik, gilamdo‘zlik kabi qadim hunarlarimiz avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tmoqda. Bu joy shunchaki g‘isht va koshindan iborat bino emas, balki bizning kimligimizni anglatadigan, sabrimiz, madaniyatimiz qay darajada mustahkamligini isbotlaydigan maskan. Poytaxtga kelsangiz, Chorsu bozori yaqinidagi “Suzuk ota” majmuasiga albatta kiring. Ruhingiz orom oladi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/BcTxl-OXnMk" title="Sayohat manzillari: “Suzuk ota” majmuasi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Fardona Yaxshiboyeva,
Oybek Davronov (video), O‘zA