Saylovning dastlabki natijalari e’lon qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalari e’lon qilindi.
Markaziy saylov komissiyasi raisi M.Abdusalomov 29-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi milliy saylov qonunchiligi va xalqaro huquqning umume’tirof etilgan demokratik prinsiplariga to‘la muvofiq holda o‘tganini ta’kidladi.
Ovoz berishda 18 million 942 ming fuqaro, ya’ni saylovchilarning 91,08 foizi ishtirok etdi. «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi qonunning 35-moddasiga muvofiq bu Prezident saylovi o‘tganligidan dalolat beradi.
Saylovda saylov qonunchiligi buzilishi holatlari qayd etilmadi.
– Saylovchilar faolligi aholining siyosiy madaniyati yuqoriligidan, fuqarolar mamlakatimizning kelajakdagi taraqqiyoti ularning qaroriga bog‘liq ekanini chuqur anglashidan dalolatdir, – dedi Markaziy saylov komissiyasi raisi.
Matbuot anjumanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, Islom Karimovga 17 million 122 ming 597 fuqaro yoki saylovchilar umumiy sonining 90,39 foizi, Akmal Saidovga 582 ming 688 kishi yoki saylovchilarning 3,08 foizi, Hotamjon Ketmonovga 552 ming 309 kishi yoki saylovchilarning 2,92 foizi, Narimon Umarovga 389 ming 24 kishi yoki saylovchilarning 2,05 foizi ovoz bergani ma’lum qilindi.
Anjuman qatnashchilariga Markaziy saylov komissiyasi ayni paytda okrug saylov komissiyalari tomonidan taqdim etilgan protokol va boshqa hujjatlarni ko‘rib chiqayotgani haqida axborot berildi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi qonunga muvofiq ushbu hujjatlarni, zarurat tug‘ilganda, ayrim uchastka saylov komissiyalarining materiallarini Markaziy saylov komissiyasi yana bir marta sinchiklab tekshiradi va shundan so‘ng saylov natijasi bo‘yicha qaror qabul qiladi.
Milliy saylov qonunchiligimizga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi yakunlari to‘g‘risidagi axborot saylovdan keyin o‘n kundan kechiktirilmay, ya’ni 2015-yil 8-aprelgacha Markaziy saylov komissiyasi tomonidan matbuotda e’lon qilinadi.
Matbuot anjumanida jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.