Saylovda yoshu keksa faol ishtirok etmoqda
Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va tumanida ham saylovlar uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
Toshkent viloyatining Ohangaron shahri va tumanida ham saylovlar uyushqoqlik bilan davom etmoqda.
E’tiborli jihati, saylovlarda ohangaronlik yoshu keksa faol ishtirok etib, o‘zlari munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz bermoqda. Tumanda 44 ta saylov uchastkasi tashkil etilgan bo‘lib, saylovda qariyb 60 ming nafar saylovchi ishtirok etishi kutilmoqda.
Ming nafardan ziyod saylovchi ro‘yxatga olingan 548-saylov uchastkasi ham erta tongdan saylovchilar bilan gavjum bo‘ldi. O‘g‘iloy Omonova va Otabek Turg‘unov mazkur saylov uchastkasi bo‘yicha birinchilardan bo‘lib o‘zlari lozim deb topgan nomzodlarga ovoz berdi.
– Saylov jarayonida ilk bor ishtirok etyapman, – deydi O.Turg‘unov. – Shu bois biroz hayajonda bo‘lsam ham “Yangi saylovlar:Yangi O‘zbekiston“ shiori ostida o‘tayotgan saylov chindan ham shiorga mos ekani, o‘z kelajagimizni ovoz berish orqali o‘zimiz hal qilishimizga ishonaman. Aynan shuning uchun ham saylov uchastkamiz bo‘yicha birinchilardan bo‘lib o‘zim munosib deb bilgan nomzodlarga ovoz berdim.
20 ming 700 nafardan ziyod saylovchi ishtirok etishi kutilayotgan Ohangaron shahridagi 26 ta saylov uchastkalarida ham ovoz berish jarayoni uyushqoqlikda davom etmoqda.
– Ilgari ham saylov jarayonlarida ko‘p marta qatnashganman, – deydi 136-saylov uchastkasidan saylovda ishtirok etgan 87 yoshli Pardagul aya Dushaeva. – Bu galgi saylovlar haqiqatdan ham boshqacha o‘tmoqda. Ushbu jarayon farzandlarim va nevaralarimning kelajagini hal qiladi. Shu sabab bunga befarq qarolmadim. Ohangaron uchun joy koyitib, yeng shimarib ishlaydigan nomzodlarga ovoz berdim.
Viloyatning barcha tuman va shaharlari, olis va chekka qishloqlarida ham saylov jarayoni yuqori uyushqoqlikda davom etmoqda.