Saylovda shaxsan o‘zim ovoz beraman!
Rivojlangan davlatlarda demokratik tamoyillar juda qadrlanadi. Bu, mamlakatda fuqarolarning saylov huquqlari bilan yanada sayqal topadi.
Bugun yurtdoshlarimiz – O‘zbekiston fuqarolari ana shunday tarixiy pallada – Prezident saylovi arafasida turibdi. Sanoqli kunlardan keyin xalqimiz tarixiy tanlovni amalga oshiradi. Ya’ni, 24 oktyabr kuni mamlakatimiz taraqqiyoti uchun munosib nomzod O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti etib saylanadi.
Saylov arafasida esa o‘tgan yillarda xalqimiz va mamlakatimiz hayotida yuz bergan ayrim o‘zgarishlarni yana bir bor yodga olish o‘rinli bo‘ladi. Bu birgina mamlakatda turizm va sport sohasida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarda ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda.

Bugun O‘zbekiston dunyoga ochilib, yangi sayyohlik manzillari bilan tanilib bormoqda. Ma’lumki, turizm dunyoda eng istiqbolli, iqtisodiyotga katta foyda keltiradigan sohalardan biriga aylanib ulgurgan. Shu ma’noda, bugun turizmni sport bilan uyg‘unlikda rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida ham yangi fakultet tashkil etilib, malakali kadrlar tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
O‘z navbatida, bugungi yoshlarimiz mamlakat hayotiga doir muhim siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirokchi sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Gap shu haqda ketganida, yakshanba kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida beshta siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan nomzodlarning saylovoldi dasturi ham talaba-yoshlarimiz tomonidan batafsil o‘rganilib, ularda ilgari surilgan dasturiy g‘oyalar keng muhokamalar markazida bo‘lib turibdi.
Demak, 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan Prezident saylovida talaba-yoshlarimiz bilan birga, o‘zimiz tanlagan nomzodga ovoz beramiz. Bu jarayonda esa har birimizning ovozimiz mamlakat kelajagi, farovon hayotimiz kafolati ekanini aslo unutmasligimiz kerak. Shuning uchun ham men saylovda shaxsan o‘zim ovoz beraman!
Azizxon Tillaxo‘jayev
O‘zDJTSU Sportni boshqarish va turizm fakulteti dekani.