Saylovchilar murojaatlari – deputat nazoratida
Xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga 25-“Navoiy” saylov okrugidan saylangan deputat Erkin Xolmatov Zomin tumanidagi “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida saylovchilar bilan uchrashdi. Unda “Yoshlik” va “Peshag‘or” MFY yettiligi hamda faollari, oqsoqollar, tegishli tashkilotlar vakillari ham ishtirok etdi.
Saylovchilarning hududdagi ichimlik suvi, suyultirilgan gaz, elektr energiyasi, ichki yo‘llarni ta’mirlash, maktab o‘quvchilari uchun piyodalar yo‘lakchasi qurish kabi o‘ndan ortiq murojaati tinglandi va mutasaddilar ishtirokida atroflicha muhokama qilindi.
[gallery-20858]
Ahamiyatli tomoni, saylovchilar murojaatlariga mutasaddilar bilan birgalikda zudlik bilan ijobiy yechim topishga kirishildi. Xususan, “Peshag‘or” MFY Soychi ko‘chasi aholisi uchun suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berilgan bo‘lsa, mazkur ko‘chada istiqomat qiluvchi 50 ga yaqin xonadon uchun ichimlik suvi tarmog‘ini tortish masalasi ham ijobiy hal qilindi.
Saylovchilarning boshqa murojaatlari ham deputat nazoratiga olindi.
Jamshid YORBEKOV(surat),O‘zA