Saylov yaqin, yonilg‘i qimmat, Tramp Zelenskiydan xafa
Kuni kecha AQSH rahbari Donald Tramp Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali suhbat chog‘ida Amerika va jahon bozoriga Rossiya dizel yonilg‘isi yetkazib berilishi bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi
Yetakchi RF yonilg‘isi narx pasayishiga olib kelishini ta’kidlagan.
Ommaviy axborot vositalari yozishicha, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSHning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlariga zarba berishni to‘xtatish bo‘yicha taxminan olti iltimosini e’tiborsiz qoldirgan. Shundan so‘ng Tramp Putin bilan RF dizel yonilg‘isi yetkazib berish bo‘yicha muzokara olib borishga qaror qilgan. Ta’kidlanishicha, Vashington Kiyevning bu amaliyoti AQSHda yonilg‘i narxi oshishiga olib kelayotganiga ishonadi.
AQSH Prezidenti so‘zlariga ko‘ra, Rossiya mazkur kelishuv asosida darhol 300 000 tonnadan ziyod, noyabr oyida qo‘shimcha 500 000 tonna va keyin yana 1 million tonna dizel yonilg‘isi ajratish niyatida. Ta’kidlanishicha, keyinchalik rus neftni qayta ishlash quvvati holatini inobatga olgan holda, ta’minot qisqa vaqt ichida 3 million tonna ko‘payadi.
Shuningdek, Tramp narx tushishi kutilayotganini Hurmuz bo‘g‘ozidagi vaziyat bilan bog‘lab, AQSH ushbu muhim yo‘nalish ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganini aytdi. Ya’ni, qo‘shimcha RF yonilg‘isi va Hurmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyat uyg‘unligi Amerika va butun dunyoda dizel yonilg‘isi tez, sezilarli darajada arzonlashadi.
Avvalroq mamlakat rahbari ko‘rsatmasi bilan AQSH Moliya vazirligi Rossiyadan dizel yonilg‘isi importiga ruxsat berib, 2027-yil 7-aprelgacha sanksiya bekor qilingani to‘g‘risida xabar tarqalgan edi.
RF Vazirlar Mahkamasi Putin va Tramp kelishuviga binoan eksport taqiqini qisman bekor qildi va jahon bozoriga 500 000 tonna dizel yonilg‘isi chiqarishga qaror qildi.

Hukumat matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, bu chora 10-oktabrdan kuchga kirdi. Rus neft kompaniyalari darhol xorijiy hamkorlar bilan mahsulot yetkazib berilishini muvofiqlashtira boshlashi kerak.
Rossiyada dizel yonilg‘isi eksportiga nisbatan 2026-yil 31-yanvarda kuchga kirgan taqiq dastlab yonilg‘i ishlab chiqarmaydigan korxonalarga tatbiq etildi. 9-iyul kuni cheklov bevosita ishlab chiqaruvchilarga ham kengaytirildi.
Zelenskiy Vashington va Moskva o‘rtasida erishilgan ushbu kelishuvga izoh berar ekan, shunday dedi:
– Bu Ukrainaga nisbatan adolatsizlik! Aniq va uzoq muddatli urushni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilmas ekan, Rossiyaga qarshi sanksiya yumshatilishi zaiflik belgisi sifatida Moskvaga urushni davom ettirish imkonini beradi.

Ta’kidlanishicha, Kiyev keskinlikni yumshatish uchun o‘zaro choralar ko‘rishga tayyor. Ya’ni, RF Ukraina energetika infratuzilmasiga hujumdan voz kechishi evaziga rus NQIZlariga hujumni to‘xtatish taklifini ilgari surmoqda.
Ukraina Prezidenti so‘zlariga ko‘ra, keskinlikni yumshatish bo‘yicha amaliy qadamlarsiz Rossiyaga neft mahsulotlari sotishga ruxsat berilishi urush davom etishiga kuchli turtki beradi. Zelenskiy Vashingtonni RF bilan muloqotda qat’iyroq pozitsiya egallab, Kiyevni qo‘llab-quvvatlashda davom etishga chaqirdi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas ham AQSHning Rossiya dizel yonilg‘isiga sanksiyani vaqtincha bekor qilish qarorini keskin qoraladi.
– Bu Moskvaga urush olib borish uchun qo‘shimcha daromad keltiradi, – dedi u.
Saidmurod Rahimov, O‘zA sharhlovchisi