Saylov demokratik tamoyillar asosida o‘tadi
Toshkent viloyatida ham xalqimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim ahamiyat kasb etuvchi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori saviyada tashkil etish va o‘tkazishga qizg‘in hozirlik ko‘rilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 14 ta okrug saylov komissiyalarining 266 nafar a’zodan iborat shaxsiy tarkibi tasdiqlandi. Ular uchun o‘tgan vaqt davomida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan tasdiqlangan “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish Konsepsiyasi” ga muvofiq Davlat boshqaruvi akademiyasi va Toshkent davlat yuridik universiteti professor-o‘qituvchilaridan iborat ekspertlar tomonidan ishlab chiqilgan o‘quv dasturi va o‘quv-uslubiy materiallar asosida yuqori malakali ekspertlar tomonidan ikki kunlik seminar-trening mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
O‘quv mashg‘ulotlari davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari, okrug saylov komissiyalari faoliyatini tashkil qilish, saylov komissiyalarining vakolat va vazifalari, okrug va uchastka saylov komissiyalari binolari va ovoz berish xonalarini jihozlash, saylovchilar ro‘yxati bilan ishlash kabi dolzarb mavzular qamrab olindi.
Xususan, Jamoatchilikka saylovga oid masalalar bo‘yicha tezkor axborot yetkazish yuzasidan Xalq deputatlari Zangiota tumani Kengashining navbatdagi sessiyasida saylovning ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari, Saylov kodeksi va qonunchiligining mazmun-mohiyati yuzasidan mas’ullar ma’ruzasi tinglandi.
Tuman hokimi maslahatchisi Akbar Dadaboyevning “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha Zangiota tumanidagi uchastka saylov komissiyasi a’zoligiga nomzodlarni tavsiya etish to‘g‘risida”gi hisoboti tinglandi. Tumanda tashkil etilgan 65 ta saylov uchastkalari rais, rais o‘rinbosarlari, kotib hamda a’zolari tarkibi e’lon qilindi va ular deputatlar tomonidan tasdiqlandi. Shundan, uchastka saylov komissiyalari raisligiga 32 nafar (48,5 foiz) ayollar nomzodi shakllantirildi.
Saylovoldi tashviqoti, saylov jarayonini yoritishda asosiy e’tiborni fuqarolarning saylov huquqi va erkinliklarini ta’minlash, milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiq holda izchil rivojlantirishga qaratish muhim ekanligini ta’kidladi. Hozir hududdagi saylov uchastkalari 25 ta umumta’lim maktabi, 3 ta kollej va texnikum, 1 ta oliy ta’lim muassasasi, 14 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 3 ta tibbiyot muassasasi, 1 ta qamoqda saqlash joyida, 4 ta harbiy qism binosida, 1 ta davlat xizmati markazida, 4 ta madaniyat va sport markazlarida, 8 ta boshqa binolarda joylashtirilgan.
Shuningdek, 236 ming nafardan ziyod zangiotaliklarning 135 ming 996 ming nafari saylovda qatnashadi. Tahllilarga ko‘ra, o‘rtacha 1 ta saylov uchastkasiga 2 ming 92 nafar aholi to‘g‘ri keladi. Shu kunlarda Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazilishini ta’minlash bo‘yicha Zangiota tumanida targ‘ibot va tashviqot ishlari olib borilmoqda. Tumanda mazkur jarayonlar bilan bog‘liq o‘rganishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, mahallalar faollari, oddiy aholi bilan muloqotlar o‘tkazib, mavjud muammolar o‘z vaqtida bartaraf qilinayotir.
Ulug‘bek Akbarov,
10-sonli Toshkent viloyati okrug
Saylov komissiyasi a’zosi.