Saylov demokratik tamoyillar asosida o‘tadi
Joriy yil mamlakatimiz hayotidagi muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi o‘tkaziladi. Markaziy saylov komissiyasining joriy yil 23 iyuldagi qaroriga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish kuni 2021 yil 24 oktyabr, saylov kampaniyasi boshlanish sanasi 23 iyul deb belgilandi.
Ushbu saylov Saylov kodeksi, xalqaro huquq va milliy qonunchiligimiz normalariga muvofiq ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida o‘tkaziladi. Shu munosabat bilan 24 iyul kuni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya qo‘mitasi a’zolari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, hududiy partiya tashkilotlari rahbarlari hamda faollar ishtirok etdi.
Yig‘ilishni O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomurodov ochib berdi.

O‘zbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishida partiyaning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi, shuningdek, partiyaning saylov oldi shtabini tuzish hamda partiyaning vakolatli vakilini belgilash to‘g‘risida tegishli qarorlar qabul qilindi. Shuningdek, yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Ekologik partiyaning ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq qator masalalarni ko‘rib chiqish maqsadida Ekologik partiya Markaziy Kengashi Plenumini joriy yil avgust oyining birinchi dekadasida o‘tkazish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Yig‘ilishda Ekologik partiyaning faoliyati bilan bog‘liq boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Ekologik partiyasi Matbuot xizmati