Savob ishni har kim, har kuni qilish kerak
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan Jizzax viloyatining qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida mehnat faoliyatida alohida xizmat ko‘rsatgan nuroniy otaxon va onaxonlar, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar a’zolari uchun muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtirilib, iftorlik dasturnoxlari tashkil etilayotir.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 martdagi “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida viloyatda ko‘plab xayrli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Baxmal tumanida istiqomat qiluvchi bir guruh kam ta’minlangan fuqarolar homiylar hisobidan hamisha navqiron va qadimiy shahar Samarqand ziyoratida bo‘lib qaytdi.
Shuningdek, tumandagi “No‘shkent” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qilayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogiron, kam ta’minlangan oilalar vakillari hamda ro‘zador nuroniy otaxon va onaxonlarning 200 nafariga “Samo” to‘yxonasida tuman hokimligi, cyektor rahbarlari, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tomonidan iftorlik dasturxoni tashkil qilindi.

***
Arnasoy tumani 2-sektor hududiga qarashli “Chinobod” MFYda “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” ga kiritilgan fuqarolarga O‘zbekiston “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi homiyligida ham iftorlik dasturxoni tashkil etildi.
Iftorlik so‘ngida Qur’on tilovat qilinib, o‘tgan marhumlar haqqiga bag‘ishlandi va Yaratgandan yurtimizga tinchlik, halqimizga farovonlik, dehqonchilik, chorvachilik va boshqa barcha sohalarga qut-baraka so‘raldi.
Bundan tashqari, tumandagi yotib qolgan bemorlar, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj yakka yolg‘iz qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar holidan xabar olinib, ularga 17 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari ulashilmoqda.

***
Muborak Ramazon oyi munosabati bilan bir guruh zarbdorlik mehnat faxriylari uchun ham qadimiy Samarqand shahrining tarixiy obidalariga ziyorat tashkil etildi.
Ushbu sayohat davomida 40 nafar zarbdorlik otaxon va onaxonlar shaharning diqqatga sazavor joylari, ziyoratgohlari, ko‘hna va hamisha navqiron Samarqandning asoru atiqalari va yangidan barpo etilgan ob’ektlarida bo‘ldilar.
Ziyorachilarga sayohat yakunida iftorlik dasturxoni yozilib, ishtirokchilar yurtimizga tinchlik, osmonimizga musaffolik, xalqimizga farovonlik va oilalarga totuvlik tilab duo qildi.


A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA