Sarvar Ismoilov - Osiyo chempioni
O‘zbekistonlik yengil atletikachilar Osiyo chempionatida oltin va kumush medallarga sazovor bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Mokpo shahrida yengil atletikaning uloqtirish turlari bo‘yicha IV Osiyo chempionati davom etmoqda. Musobaqada O‘zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etib, ayni damda 1 tadan oltin va kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Aniqroq aytadigan bo‘lsak, erkaklar o‘rtasida nayza uloqtirish bahslarida hamyurtimiz Sarvar Ismoilov final bosqichida 77,39 metr natija qayd etib, barcha raqiblarini ortda qoldirdi va musobaqa g‘olibi bo‘ldi.
Shuningdek, erkaklar o‘rtasida bosqon uloqtirish dasturida yana bir vakilimiz Ayubxon Fayozov 71,33 metr natija bilan kumush medalga sazovor bo‘ldi.
Mazkur natijalar yurtimizda yengil atletika, xususan uloqtirish turlari bo‘yicha olib borilayotgan tizimli ishlar o‘z samarasini berayotganini yana bir bor tasdiqladi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA