Sarmoyaviy hamkorlik taraqqiyotga xizmat qiladi
Yaxshilikning eshigi doim ochiq. Yaxshiga yondashmoq xayr-baraka keltiradi, – deydi bobolarimiz. Rumiy hazratlari ham "Niyat xayr – oqibat xayr" deganlar. Xayrli niyat bilan kelayotgan mehmonlarimiz ertaga hamfikr hamkorlarimizga aylanishi tayin.
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan V xalqaro investitsiya forumidagi qizg‘in uchrashuv va suhbatlar shunday fikrlashga izn beradi. Kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, Prezidentimizning ish jadvali naqadar tig‘izligini sezasiz. Xorijiy davlat rahbarlari, Bosh vazirlar, ulkan korporatsiya va kompaniyalar mas’ullari, xalqaro moliya institutlari boshqaruvchilari O‘zbekiston yetakchisi bilan muloqotlardan mamnunligini bildirmoqda. Ular ommaviy axborot vositalari vakillariga diyorimizning boy tabiiy resurslari, iqtisodiy imkoniyati, boshqaruv samaradorligi yaxshi natija berayotganini e’tirof etib, hamkorlikni yanada kengaytirish rejasini tuzmoqda.
Shu asnoda, beixtiyor, global dunyoning bugungi holati o‘laroq, ayni kelishuvlarga osonlikcha erishilmayotganiga amin bo‘lasan, kishi. Raqobat bozoridagi izdihomda so‘zni o‘tkaza bilish, o‘zni tutib qolish, munosib o‘rin egallash mashaqqati bisyor. “Bu maydon ichra turmoq” oson emas. Binobarin, O‘zbekiston qat’iyat bilan amalga oshirayotgan shiddatli harakatlar quvonarli natijalar garovi bo‘lab xizmat qilyapti.
Mazkur anjuman oddiy odamlarimizga nima beradi? Hamyurtlarimiz hayotida qanday aks etadi? Bu savollarga javobni kelishuvlar, shartnomalardan topamiz. O‘rni kelganda aytish joiz, qurilayotgan yirik korxonalarda minglab yangi ish o‘rni paydo bo‘ladi. Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqarish va eksportni tashkil etish kabi muhim ishlarni o‘zimizning qora ko‘zlar bajaradi. Shu bilan birga turli darajadagi xizmat sohalariga yangicha yondashish, zamonaviy texnologiyani amaliyotga joriy etish, yosh malakali kadrlar tayyorlash dolzarb masalaga aylanadi. Bu jarayon tizimli zanjir hosil qiladi.
Bizda mehmonning hurmati mezbonning izzati bilan qadrlanadi. Toshkent investitsiya forumini ham shunday mezon bilan baholash mumkin. O‘zbekona e’tibor bilan kutib olinayotgan mehmon madaniy-ma’rifiy, ma’naviy qiyofamizni ham ko‘radi. Xususan, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha barcha o‘rnak olsa bo‘ladigan jihatlarimizni namoyon qilish mahoratimiz ham sarmoya jalb qiladi. Xullas, mamlakatimiz har jabhada yuksak taraqqiyot sari dadil odimlamoqda.
Abdug‘afur Mamatov,
O‘zA