Sarmoya: hududlar iqtisodiy o‘sishining asosiy drayveri
Davlatimiz rahbari raisligida 2026-yil 21-iyul kuni hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, joriy yilning birinchi yarmida erishilgan natijalar hamda yil yakuniga qadar amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mamlakat iqtisodiyotini barqaror rivojlantirish uchun investitsiyalar hajmini oshirish, eksportni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish va har bir hududning ichki imkoniyatlarini to‘liq ishga solish eng muhim vazifalar sifatida belgilandi.
Bu vazifalar ijrosini ta’minlashda Tomdi tumanida amalga oshirilayotgan ishlar e’tiborga loyiq. Chunki bugun tumanda investitsiyalarni jalb qilish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish va eksport salohiyatini yuksaltirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan loyihalar mamlakatda belgilangan iqtisodiy siyosatning hududlardagi amaliy ifodasiga aylanmoqda.
Joriy yil uchun Tomdi tumani investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 185,5 milliard so‘mlik 26 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Ularni moliyalashtirish uchun 86,7 milliard so‘m o‘z mablag‘lari, 6,4 milliard so‘m bank kreditlari hamda 7 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar jalb etilishi belgilangan. Bu loyihalar natijasida 368 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Investitsiyalar tarmoqlar bo‘yicha mutanosib taqsimlangan. Sanoat sohasida 94,7 milliard so‘mlik 3 ta loyiha, xizmat ko‘rsatish sohasida 70,7 milliard so‘mlik 7 ta loyiha, qishloq xo‘jaligida esa 20,1 milliard so‘mlik 16 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Bu esa hudud iqtisodiyotini bir tomonlama emas, balki kompleks rivojlantirishga xizmat qilmoqda.
Yig‘ilishda aholi bandligini ta’minlash har bir rahbarning eng asosiy vazifasi ekani yana bir bor qayd etildi. Tomdi tumanida ham bu borada ijobiy ko‘rsatkichlarga erishilmoqda. Joriy yilning yanvar-aprel oylarida yangiish.mehnat.uz platformasi orqali 22 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan bo‘lsa, amalda 184 ta yangi ish o‘rni kiritilib, reja 736 foizga bajarildi. Bu sarmoya loyihalari aholi uchun barqaror daromad manbaini yaratishga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.

Davlatimiz rahbari eksportni iqtisodiy o‘sishning muhim drayverlaridan biri sifatida baholab, tashqi bozorlarda raqobatbardosh mahsulotlar ulushini oshirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berdi. Tomdida bu yo‘nalishda ham muayyan natijalar qayd etilmoqda. 2026-yil uchun 2 million 24 ming AQSH dollari miqdorida eksport prognozi belgilangan bo‘lib, yilning dastlabki besh oyida 425 ming AQSH dollari miqdorida mahsulot eksport qilindi.
Videoselektor yig‘ilishida xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, investorlar uchun qulay muhit yaratish ham asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. Tumanda bu boradagi natijalar alohida e’tiborga sazovor. Joriy yil uchun 90 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya va kreditlarni o‘zlashtirish vazifasi belgilangan bo‘lsa, yanvar-iyul oylarida reja 94,7 million AQSH dollari o‘zlashtirilib, yillik reja 105,2 foizga bajarildi.
Bu ko‘rsatkichlarga erishishda “CHEMICAL STREAM” MCHJning 10 million dollar, “AURUM GLOBAL GROUP” MCHJ XKning 62 million dollar hamda “JI LONG WIND POWER” MCHJning 7 million dollarlik investitsiyalari muhim ahamiyat kasb etdi. Yirik sarmoyalar yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun mustahkam poydevor yaratmoqda.

Mahalliylashtirish dasturi ijrosida ham ijobiy o‘sish kuzatildi. Birinchi chorakda rejalashtirilgan 1 milliard 369 million so‘mlik mahsulot o‘rniga 1 milliard 597 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, reja 116,6 foizga bajarildi. Bu mahalliy ishlab chiqaruvchilar salohiyati ortib borayotganini anglatadi.
Eng muhimi, bugun amalga oshirilayotgan har bir investitsiya loyihasi kelajakda yangi korxonalar, raqobatbardosh mahsulotlar, yuqori daromadli ish o‘rinlari va aholi farovonligini ta’minlaydigan mustahkam iqtisodiy poydevorni yaratmoqda. Bu esa Yangi O‘zbekistonda hududlarni kompleks rivojlantirishga qaratilgan islohotlar Tomdi tumani misolida ham o‘zining amaliy samarasini berayotganini yaqqol tasdiqlaydi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri