Sarhisob va istiqboldagi rejalar
“Navoiyuran” davlat korxonasida 2023 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari va kelgusida barqaror rivojlanish va operatsion faoliyatni yanada takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan videoselektor yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Dastlab korxona bosh direktori Jahongir Hasanov korxonaning 2023 yil yanvar-iyun oylaridagi ishlab chiqarish-xo‘jalik faoliyati yakunlari va joriy yilning prognoz ko‘rsatkichlarini so‘zsiz bajarilishini ta’minlash borasidagi dolzarb vazifalar hamda 2030 yilgacha korxonani rivojlantirish istiqbollarini ta’minlash borasida muhim vazifalarni amalga oshirish maqsadida o‘z vaqtida va tezkor samarali operatsion faoliyat tashkil etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida axborot berdi.


– Hisobot davrida mahsulot ishlab chiqarish 2,8 trillion so‘mni yoki rejaga ko‘ra 105,8 foizni, o‘sish sur’ati esa 107,7 foizni tashkil etdi, – dedi J.Hasanov. – Burg‘ilash ishlari rejaga nisbatan 109,5 foizni, mahsuldor eritmalarni so‘rib olish hajmi 108,9 foizni hamda uran qazib olish 105,7 foizga bajarildi. Hisobot davrining prognoziga ko‘ra, mahsulotlar eksporti 122,3 foizga bajarildi. Korxonada Investitsiya dasturi loyihalarini amalga oshirish borasida 23,5 million dollarlik kapital qo‘yilma o‘zlashtirildi.
Yig‘ilishda korxonaning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari va texnologik jarayonlarni tashkil etish natijalari tanqidiy-tahliliy muhokama qilindi.

Shuningdek, korxonaning 2023 yil 9 oylik hamda yil yakuniga qadar ishlab chiqarish dasturidagi ko‘rsatkichlarni so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Jumladan belgilangan qo‘shimcha mahsulot ishlab chiqarish bo‘yicha aniq takliflar va ko‘rilayotgan choralar, 2023 – 2030 yillarda ishlab chiqarish hajmlarini keskin oshirilishini ta’minlash maqsadida barqaror rivojlanish uchun zamin yaratish bo‘yicha qilinayotgan ishlar muhokama etildi.
Yig‘ilishda Prezidentmizning 2022 yil 14 iyuldagi “2022 - 2030 yillarda “Navoiyuran” davlat korxonasida uranni qazib olish, qayta ishlash hajmini oshirish hamda uni transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorida ko‘rsatilgan uran qazib olish va qayta ishlash talablari va shartlariga muvofiq, korxonaning 2023 yilda investitsiya loyihalarini amalga oshirishni ta’minlash uchun chora-tadbirlar ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rilayotgan ishlar tahlil etilib, ularning ijro mexanizmlari bo‘yicha takliflar bildirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA