Sardobada murojaatlar hamkorlikda hal etilmoqda
Tuman Xalq qabulxonasiga oʻtgan 2019-yil davomida 325 ta murojaat kelib tushgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sardoba tuman Xalq qabulxonasi tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, murojaatlarni qanoatlantirish borasida, pandemiya tufayli joriy etilgan karantin choralari kuchaytirilganiga qaramay, bir qator amaliy ishlar olib borilayotganini alohida taʼkidlash lozim.
Tuman Xalq qabulxonasiga oʻtgan 2019-yil davomida 325 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 81 tasida koʻtarilgan masalalarni qanoatlantirilishi soʻralib, respublika va viloyat tashkilotlarga yoʻllangan boʻlsa, 204 tasi tumandagi 4 ta sektor nazorati ostida mahalliy homiylar va tashkilotlar tomonidan bartaraf etilgan. Murojaatlarda koʻtarilgan masalalar hududiy jihatdan boshqa viloyat va tumanlarga tegishli boʻlganligi sababli, 20 ta murojaat tegishli manzillarga yuborilgan. 20 ta murojaat esa tuman Xalq qabulxonasining oʻzida koʻrib chiqilib, ijobiy hal qilingan.
Oʻtgan yili fuqarolar tomonidan Xalq qabulxonasiga qilingan jami murojaatlarning 195 tasi yoki 60 foizi ijobiy hal etilgan, murojaat qilganlarning 123 nafari yoki 37 foiziga zarur maslahat va tushuntirishlar berilgan. Murojaatlarning 7 tasi yoki 2 foizi asossiz boʻlganligi sababli harakatdan toʻxtatilgan.
Joriy yilning oʻtgan 7 oyi davomida tuman Xalq qabulxonasiga 159 ta murojaat kelib tushgan. Shulardan yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan koʻtarilgan 28 murojaatdagi masalalar tuman miqyosida hal etilishining iloji boʻlmaganligi sabab, vazirlik va viloyat tashkilotlariga yuborilgan.
118 murojaat hududiy jihatdan boʻlinishga qarab, 4 ta sektorga ajratib, ularning rahbarligi ostida tuman tashkilotlari tizmida hal etilishi qabulxona nazoratiga olingan. Shuningdek, 9 ta murojaat tuman Xalq qabulxonasining oʻzida koʻrib chiqilib, ijobiy hal etilgan. Murojaatlarning 4 tasi boshqa viloyat va tumanlarga tegishli boʻlganligi sababli, belgilangan manzillarga yuborilgan.
Endi bevosita raqamlarga murojaat qiladigan boʻlsak, tuman Xalq qabulxonasiga joriy yilning oʻtgan 7 oyida boʻlgan jami murojaatlarning 95 tasi yoki 60 foizi ijobiy hal etilgan. Bundan tashqari, 39 nafar murojaat qilganlarga huquqiy maslahat va tushuntirish berilgan, Xalq qabulxonasiga qilingan murojatlarning 11 tasi yoki 6 foizi asossiz boʻlganligi sababli nazoratdan chiqarilgan. 14 murojaat mutasaddilar tomonidan oʻrganilmoqda.
Fuqarolarning murojaatlarida koʻtarilayotgan masalalarni hal qilinishini oʻrganish maqsadida Sardoba tumaniga xizmat safari uyushtirib, qabulxonaga murojaat qilgan fuqarolar bilan uchrashdik.
Joriy yilning 25-may kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Sardoba tumanidagi Xalq qabulxonasiga tumandagi Qoʻrgʻontepa mahalla fuqarolar yigʻini Barhayot koʻchasi 48-uyda istiqomat qiluvchi fuqaro Nurmuhammad Asqarov 1-guruh nogironi boʻlgan otasi Keldiboy Asqarovga 1 dona nogironlik aravachasi ajratilishida amaliy yordam soʻrab murojaat qilgan ekan. Xalq qabulxonasi mutasaddilari tomonidan ushbu murojaat tezkor koʻrib chiqilib, 4-sektor – tuman soliq inspeksiyasi bilan birgalikda, murojaat joyiga chiqib oʻrganilib, 5 kunga qolmay, murojaatchining otasiga, homiylar yordamida nogironlar aravachasi taqdim etilgani maʼlum boʻldi.
– Chorvachilik fermer xoʻjaligimda 32 bosh qoramol boqaman, shulardan 12 boshi sogʻin sigirlar, – deydi Yangiqishloq mahallasi Ishonch koʻchasi 16/1-uyda yashovchi chorvachilik fermer xoʻjaligi rahbari Faxriddin Tangatarov. – Maqtanchogʻlikka yoʻymangu, pandemiya davrida aholiga arzon sut va goʻsht mahsulotlari yetkazishga oʻzimning hissamni qoʻshib kelayapman.
Oʻtgan 2019-yili gʻalla rejasini ortigʻi bilan bajarib, hosilni “Xovosdon” korxonasiga topshirgan edim. Ammo salkam 1 yil davomida ovora boʻlib, topshirgan donim uchun pullarimni ololmay rosa ovora boʻldim. Tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgandim, ular yashash manzilim boʻyicha 2-sektorga qaragani uchun shikoyatimni tuman prokurori Aziz Oʻralovga oʻtkazib berdi. 2-sektor rahbarining bevosita aralashuvi bilan 1 yildan buyon ololmagan 9 million 744 ming soʻm mablagʻimni 1 hafta nari-berisiga qolmay, “Xovosdon” korxonasi hisobimga toʻliq oʻtkazib berdi. Xalqimizning muammolarini qisqa fursatda hal qilib berayotgan qabulxonalarni ochib qoʻygan, odamlarni ogʻirini yegil qilayotgan sektorlarni tashkil etgan Prezidentimizga ming rahmat.
Bibinor Oʻrozova xuddi shu 2-sektorga qarashli Yangiqishloq MFY Manas koʻchasida istiqomat qiluvchi E.Turdialiyeva xonadoniga Surxondaryo viloyatidan kelin boʻlib tushgan. Bir necha bor urinishlariga qaramay, yangi kelinni qaynona oʻz xonadoniga doimiy roʻyxatga qoʻya olmabdi va amaliy yordam soʻrab, tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilibdi.
Ushbu murojaat qabulxona mutasaddilari tomonidan 2-sektor rahbari, tuman prokurori A.Oʻralovga yetkazilgach, murojaat shu kunning oʻzidayoq ijobiy hal qilinib, surxondaryolik kelin Bibinor qaynonasinikiga doimiy roʻyxatga qoʻyilibdi.
– Aka-uka va yana bir qoʻshnimiz – pasport boʻyicha Qoʻrgʻon tepa mahalla fuqarolar yigʻinida hisobda tursakda, uchastkaga joy olib, uy qurib yashash joyimiz, uchalamizniki ham Qoʻrgʻontepaga qoʻshni boʻlgan Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Qadriyat qishlogʻida, – deydi murojaatchilardan biri Kamoliddin Nazarov. – Joriy yilning 1-may kungi suv toshqinidan turar joyimiz jiddiy talofat koʻrib, yer bilan bitta boʻlib ketdi. Xuddi bizlarga oʻxshab, hisobda Qoʻrgʻontepada turib, oʻzlari Doʻstlik MFY hududiga qarashli Qadriyat qishlogʻidan uchastka solib yashagan yana 24 oila suv toshqinidan zarar koʻrdi. U 24 oilaga Prezidentimiz tomonidan ajratilgan 40 million soʻmlik kompensatsiya berildi, bizga, yaʼni 3 xonadonga esa mablagʻ berilmadi.
Tuman Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan edik, yanglishmagan ekanmiz. Xalq qabulxonasi xodimlari bank mutasaddilari bilan birgalikda 40 million soʻm kompensatsiya pulini hamda maishiy texnika uchun 10 million soʻmlik sertifikatni 10 kunga qolmay qoʻlimizga topshirdi. Prezidentimiz tomonidan ochilgan Xalq qabulxonalari yana-da gullab yashnayversin.
Karantin sababli daromad manbaisiz qolgan, tumandagi Navroʻz MFY Binokor koʻchasida yashovchi Mahliyo Siddiqova, Tatyana Xoliqova, Olmaxon Boshmanovalarning bir oylik uy-joy ipoteka kredit qarzdorligi Xalq qabulxonasiga qilingan murojaatdan soʻng 1-sektor rahbari, tuman hokimi A.Xidirovning tashabbusi bilan homiylar jalb etilib, kredit mablagʻlari toʻlab berildi.
Xizmat safarimiz chogʻida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sardoba tumani Xalq qabulxonasiga murojaat qilgan fuqarolar bilan uchrashganimizda, ular qabulxona va 4 ta sektor hamkorlikda ish olib borilayotganligi uchun ham tuman kesimidagi muammolar kechiktirilmay oʻz yechimini topayotganini alohida taʼkidladi.