Sara urug‘ – yuqori hosil garovi
Paxtachilik serdaromad soha. Usiz iqtisodiyotda yuqori natijaga erishib bo‘lmaydi.
Uning asosini esa sara urug‘ tashkil etadi. Kelgusi yil hosili, undan olinadigan foyda ham unga bog‘liq. “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat bo‘limi tomonidan “Sirdaryo tumanidagi “White gold” MCHJga qarashli, “Baxt” urug‘lik chigit dorilash sexiga uyushtirilgan navbatdagi press-turda shu va shunga o‘xshash mavzular to‘g‘risida so‘z yuritildi.
Press-turda 2022 yil hosili uchun urug‘lik paxta xomashyosini tozalash, tuksizlantirish va istiqboldagi urug‘lik chigitlarni qishloq xo‘jaligi zararkunanda va kasalliklariga qarshi dorilash ishlari bilan yaqindan tanishtirildi.

– Ochiq dala maydonlariga chigit ekishda, yer boniteti, uni o‘rtacha sho‘rlanish darajasi inobatga olinadi, – deydi “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi axborot xizmati rahbari G‘iyosiddin Usmonov. – Sirdaryo viloyat hududidagi chigit ekishga mo‘ljallangan yerlar unumdorligi esa Namangan, Andijon, Farg‘ona viloyat yerlariga nisbatan ancha past. Chigit urug‘ini tayyorlashda bu jihatlar inobatga olinadi. So‘ngi yillarda Sirdaryodagi ochiq dala maydonlariga ekilayotgan “Sulton”, “Buxoro-102, An-Boyovut-2, S-6524 kabi chigit navlari yuqori hosildorligi, sho‘rga chidamliligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun ham sirdaryolik paxtakorlar, paxtani ushbu navini ekishni afzal biladi. Chunki, u belgilangan agrotexnik chora-tadbirlardan so‘ng, kutilganidan ham yaxshi hosil beradi.

Joriy yilda, 53 410 gektar yerga g‘o‘zaning erta pishar navlaridan “Sulton”, 1765 gektar yerga “An-Boyovut-2” navi, 7075 gektar yerga “S-6524”, 10650 gektar yerga o‘rta pishar, 2600 gektar yer maydoniga istiqboldagi g‘o‘za navlari ekilishi ko‘zda tutilib, undan yuqori hosil olish uchun tayyorgarlik ishlari hozirdan boshlab yuborildi.
O‘tgan yili viloyatdagi 211 ta fermer xo‘jaligi «Tender tanlovi»da g‘olib, deb topilib, 7110 gektar maydonga yuqori avlodli urug‘lik chigit ekkan edi. Yuqori agrotexnika tadbirlari asosida parvarish qilinishi natijasida 2022 yil hosili uchun 4990 tonna sara urug‘lik paxta jamg‘arilgan. Uni qayta ishlash, urug‘lik chigitni ajratib olish, tuksizlantirish, har xil zararkunanda va kasalliklarga qarshi dorilash ishlari o‘z vaqtida olib borilishi natijasida 2640 tonna chigit ekishga shay holga keltirildi.
Bu yumushlar “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi uning tuman bo‘limlari xodimlari tomonidan doimiy nazoratga olingan.
Sh.Suyarov, F.Toshmatov(surat), O‘zA