Sara urug‘ – mo‘l hosil garovi
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mahsulot yetishtirish hajmi va sifati yildan-yilga ortmoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasida mahsulot yetishtirish hajmi va sifati yildan-yilga ortmoqda.Mustaqillikning dastlabki yillarida mamlakatimizda 1 million tonna g‘alla yetishtirilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 8 million tonnadan oshdi. O‘zbekiston g‘alla eksport qiladigan davlatlar qatoridan joy oldi. Bunday muvaffaqiyatga erishishda bug‘doyning mahalliy iqlim va tuproq sharoitiga mos navlarini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston ilmiy tajriba stansiyasida hamserhosil va ertapishar bug‘doy navlari yaratilmoqda.
– Ilmiy xodimlarimiz sovuqqa chidamli, serhosil navlar yaratish borasida izlanib, ularni 3 xil muddatda ekib tajriba o‘tkazmoqda, – deydi Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston ilmiy tajriba stansiyasi direktori o‘rinbosari Arslon Pirniyozov. – Yangi navlarning agrotexnik qoidalari ishlab chiqilmoqda. Ayni paytda stansiyada oltita ilmiy loyiha bo‘yicha izlanish olib borilayotir. Kelgusi yil hosili uchun bug‘doyni erta ham, kech ham ekib bo‘lmaydi. Erta ekilsa, maysa tez o‘sib hosil tugunchalari paydo bo‘lganda sovuq urib ketish ehtimoli yuqori. Kech ekilsa, ildizi quvvatsiz va sovuqqa chidamsiz bo‘lib qoladi. Shu bois, g‘allakorlarga ekishni 10-sentabrda boshlab, 10-oktabrda tugallash tavsiya qilinadi.
Yaratilayotgan yangi bug‘doy navlari Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash davlat komissiyasi tomonidan o‘rganilmoqda, “Sahroi”, “Qoraqalpog‘iston-2”, “Omongul” navlari sinovdan o‘tkazilayotir. 2011-yilda yaratilgan va istiqbolli deb topilgan “Mustaqillik” navini tumanlashtirish ishlari olib borilmoqda.
Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti Qoraqalpog‘iston ilmiy tajriba stansiyasining Nukus tumanidagi ilmiy laboratoriyasi mutaxassislari ham turli navlarni tajriba-sinovdan o‘tkazmoqda. Bugungi kunda bu yerda xorijdan keltirilgan 13 xil, mahalliy 11 xil bug‘doy navi ekologik sinovdan o‘tkazilayotir. O‘tgan uch yil mobaynida “Ustoz”, “Durdona”, “Davr”, “Star”, “Krasnodar-Andijon” navlari sinovdan o‘tkazilib, fermer xo‘jaliklariga ekish uchun tavsiya qilindi.