«Santos» Neymarni himoya qilib rasmiy bayonot berdi
Mojaro Braziliya kubogi 1/8 finali javob uchrashuvidan so‘ng yuzaga kelgan. «Santos» bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
«Santos» futbol klubi jamoa hujumchisi Neymarga nisbatan «Remo» klubi prezidenti tomonidan bildirilgan keskin tanqidlarga rasmiy munosabat bildirdi.
Klub bayonotida shunday deyiladi:
««Santos» rahbariyati futbolchimizga nisbatan aytilgan haqoratli so‘zlarni, shuningdek, hakamlar unga yon bosayotgani haqidagi asossiz ishoralarni qat’iyan rad etadi.
Sportda tanqid bo‘lishi tabiiy. Ammo shaxsga qaratilgan hujumlar va dalilsiz ayblovlar hurmat hamda axloq me’yorlaridan tashqariga chiqadi.
«Santos» har doim o‘z futbolchilari, klubi tarixi va tashkilot sha’nini himoya qiladi. Bu Braziliya futbolining shaffofligi va obro‘sini saqlash yo‘lidagi qat’iy pozitsiyamizdir.»
Eslatib o‘tamiz, mojaro Braziliya kubogi 1/8 finali javob uchrashuvidan so‘ng yuzaga kelgan. «Santos» bahsda 1:0 hisobida g‘alaba qozongan.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda Neymar raqib vakillari tomon qarab bir necha bor «Eliminado!» («Sizlar musobaqadan chiqdingiz!») deya baqirgani, faol ishoralar qilgani va haqoratli so‘zlar ishlatgani aks etgan.
Shundan so‘ng «Remo» prezidenti Antonio Karlos Teysheyra braziliyalik yulduzni keskin tanqid qilib, uni «pastkash» deb atagan edi.