Sanoatni rivojlantirishning samarador usuli
Poytaxtimizda “Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida importni qisqartirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish strategiyasi” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Poytaxtimizda “Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida importni qisqartirish va kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish strategiyasi” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hamda Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, olimlar, tadqiqotchilar, talabalar ishtirok etdi.
Prezidentimiz rahnamoligida ishlab chiqarishni mahalliylashtirishga qaratilgan keng ko‘lamli chora-tadbirlar xomashyoni qayta ishlashni chuqurlashtirish, sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishda ichki imkoniyat va zaxiralardan foydalanishni yanada kengaytirishga xizmat qilmoqda.
2000-yildan beri hayotga tatbiq etib kelinayotgan mahalliylashtirish dasturlari samarasida mamlakatimizda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar hajmi 220 barobardan oshgan. 2015-2019-yillarda tayyor mahsulotlar, butlovchi qismlar va materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning birinchi choragida 534 loyiha amalga oshirilib, qiymati 981,3 milliard so‘mlik yoki 2015-yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p mahsulot ishlab chiqarilgan.
2015-yilda o‘tkazilgan Xalqaro sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi yakuniga ko‘ra, joriy yilda avval import qilingan 2,1 trillion so‘mlik tovarlarni ishlab chiqarishni o‘zlashtirish va yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzilgan. Bu 2016-yilda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarida import hajmi 637,5 million dollarga qisqarishini ta’minlaydi.
Mahalliylashtirish dasturlari eksport hajmini oshirish va mahsulot etkazib berish geografiyasini kengaytirish, bunda yuqori qiymatga ega tayyor mahsulotlar ulushining ortishida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Xususan, 2015-yilda kir yuvish mashinalari, energiya tejovchi lampalar, kosmetika vositalari singari 52 turdagi yangi mahsulot eksport qilingan.
Anjumanda ishlab chiqaruvchilar uchun joriy etilgan soliq va bojxona imtiyozlari eksportbop mahsulotlar turlarini ko‘paytirishda muhim omil bo‘layotgani ta’kidlandi. Ishlab chiqarishni mahalliylashtirish asosida importni qisqartirish va eksportni kengaytirishga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.