Sanoat xavfsizligini ta’minlashda o‘tgan yarim yilda qanday natijalarga erishildi? (+video)
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan 2026-yilning birinchi yarim yilligida sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligini ta’minlash, xavfli ob’ektlarda avariyalarning oldini olish, nazorat samaradorligini oshirish hamda sohani raqamlashtirish bo‘yicha qator ishlar amalga oshirildi.
Xususan, bu davrda sanoat xavfsizligi yo‘nalishida 2 ming 37 ta nazorat va 21 ming 960 ta profilaktika tadbiri o‘tkazilgan. Shuningdek, 14 ta yo‘nalishda 7 ming 21 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan.
Bu haqda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi. Tadbirda qo‘mita mas’ullari, soha mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Unda qo‘mita raisi o‘rinbosari Sardorbek Yoqubbekov va boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayev sohada amalga oshirilayotgan ishlar, nazorat natijalari, raqamlashtirish jarayonlari, xalqaro hamkorlik hamda kelgusidagi vazifalar haqida ma’lumot berdi.
– Qo‘mitamiz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 24-maydagi PF-79-son farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi mustaqil davlat organi sifatida tashkil etilgan. Qo‘mitaga sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi sohalarida yagona davlat siyosatini amalga oshirish, davlat nazoratini ta’minlash, litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yuritish, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish vazifalari yuklatilgan.
Qo‘mita faoliyatining asosiy maqsadi xavflarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan. Amalga oshirilgan ishlar natijasiga to‘xtaladigan bo‘lsak, radiatsiya va yadro xavfsizligi yo‘nalishida “RITM-200N” reaktor qurilmali AESning 1 va 2-energobloklarini barpo etish bilan bog‘liq xavfsizlik hujjatlari baholanib, 6 ta o‘rganish ishlari amalga oshirildi. Ekspertiza xulosalari tayyorlanib, maydonchadan foydalanishga ruxsatnoma hamda AESni barpo etish uchun litsenziya berildi.
Xalqaro hamkorlik doirasida Atom energiyasi xalqaro agentligi bilan umumiy qiymati 6,1 million yevrolik 3 ta loyiha yakunlandi, 6,2 million yevrolik 8 ta loyiha esa amalga oshirilmoqda. Shuningdek, Xitoy, Turkiya va Pokistonning vakolatli organlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Shuningdek, bizning asosiy vazifamiz qoidabuzarlik sodir etilganidan keyin chora ko‘rish emas, balki uning oldini olishga qaratilgan. Shu bois profilaktika, xavflarni oldindan baholash, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish hamda xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz, – dedi S.Yoqubbekov.
[gallery-30833]
Matbuot anjumanida aholi hayoti va xavfsizligi bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan liftlar hamda attraksionlar xavfsizligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Unga ko‘ra, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda yaratilgan “Xavfsiz lift” elektron platformasiga ko‘p kvartirali uylardagi barcha 18 ming 32 ta lift haqidagi ma’lumotlar jamlangan. O‘tgan davrda 17 ming 144 ta lift texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan, 4871 ta yangi o‘rnatilgan lift davlat ro‘yxatiga olingan.
Tadbirda nazorat va davlat xizmatlarini raqamlashtirish jarayonlari haqida ham ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, 2025-yil noyabr oyida ishga tushirilgan “Yagona integratsiyalashgan ekotizim” axborot tizimida 8 ming 374 ta xavfli ishlab chiqarish ob’ekti va 37 ming 168 ta texnik qurilmaning elektron bazasi shakllantirilgan.
Shu bilan birga, sanoat xavfsizligi sohasida 21 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqildi. Ularning 4 tasi qonun, 15 tasi Vazirlar Mahkamasi qarori va 2 tasi idoraviy hujjat loyihasidir. Hisobot davrida 8 ta Vazirlar Mahkamasi qarori va 2 ta idoraviy normativ-huquqiy hujjat tasdiqlandi.
Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Olimjon Jo‘rayevning ma’lum qilishicha, bugungi kunda attraksionlar va liftlar xavfsizligiga oid talablarni yanada aniq va tizimli belgilash zarur.
–Shu maqsadda mazkur yo‘nalishda qonun loyihasi ishlab chiqilib, Oliy Majlis Senatida dastlabki muhokamalardan o‘tkazildi. Loyihada attraksionlar faoliyatini huquqiy tartibga solish, ularning maqomini belgilash, operatorlarning vazifa va majburiyatlarini aniqlash, shuningdek, javobgarlik masalalarini belgilash nazarda tutilmoqda. Attraksionlardan keng jamoatchilik, jumladan, bolalar foydalanishini inobatga olsak, bu yo‘nalishda xavfsizlik talablarini kuchaytirish alohida ahamiyatga ega. Qonun loyihasida ijtimoiy sohada o‘rnatilayotgan liftlar xavfsizligiga oid masalalar ham qamrab olinmoqda, – deya ta’kidladi O.Jo‘rayev.
Tadbir yakunida ishtirokchilar jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammolar va ularning yechimlari yuzasidan qo‘shimcha ma’lumotlar berdi.
Nasiba Ziyodullayeva,
Asliddin Alijonov (surat),
Doniyor Yoqubov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video+montaj),
O‘zA