Sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortadi
Buxoroda hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘tkazildi. Unda qurilish materiallari, neft va gaz sanoati, yengil sanoat tarmog‘i, qorako‘lchilik, qishloq va suv xo‘jaligi, turizm sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish va boshqa sohalarga ixtisoslashgan ishlab chiqarish sub’ektlari o‘z mahsulotlarini namoyish etdi.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasidan maqsad tarmoq hamda hududiy korxonalar o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini yanada rivojlantirish, xususan, 2023-2024 yillarda mahsulot xarid qilish va yetkazib berishga doir o‘zaro teng manfaatli shartnomalar tuzish, shuningdek, ilgari import qilingan butlovchi ehtiyot qismlar va mahsulotlarni o‘zlashtirishda va texnik hamkorlik qilish yuzasidan memorandumlar imzolash, faoliyat ko‘lamini kengaytirishdir.
Yarmarkada 1500 dan ortiq ishlab chiqarish sub’ekti, mingdan ortiq korxona, jumladan 15 ta tarmoq va vazirliklardan 80 tadan ortiq, hududlardan mulk shakli turlicha bo‘lgan 250 tadan oshiq biznes ob’ekti, qolaversa, mahalliy 150 taga yaqin mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mahsulotlari bilan ishtirok etish istagini bildirgan.
Jumladan, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, madaniyat va turizm kabi o‘nga yaqin vazirliklar, ipakchilik va jun sanoatini rivojlantirish qo‘mitasi , “O‘zbekneftgaz”, “O‘ztransgaz”, “Olmaliq kon metallurgiya kombinati”, “Navoiy kon metallurgiya kombinati”, “O‘zkimyosanoat” kabi yirik aksiyadorlik jamiyatlari, respublika “Hunarmand”, “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zsanoatqurilishmateriallari”, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zeltexsanoat”, “Yaylov xo‘jaligini rivojlantirish” kabi uyushmalar, shuningdek, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligiga a’zo bo‘lgan hamda hududlardan salohiyatli ishlab chiqarish korxonalari o‘z stendlari va mahsulot namunalari bilan qatnashdi.
Ochilish marosimida viloyat hokimi Botir Zaripov sanoat yarmarkasida ishtirok etayotgan tashkilotchilar va tadbirkorlar, o‘z imkoniyatlarini oshirish hisobidan mahalliylashtirish va eksport salohiyatini yuksaltirishga hissa qo‘shayotgan korxona hamda fabrikalar, muassasalar ishlab chiqarish jamoalarini muborakbod etdi.
Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda Buxoroda ham ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish hamda importni optimallashtirish borasida keng ko‘lamli sa’y-harakat boshlangan. Xususan, viloyatda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 2022 yilda 27,2 trillion so‘mni yoki o‘sish sur’ati 106,2 foizni tashkil etgan bo‘lsa, joriy yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 36,2 trillion so‘mni hamda o‘sish sur’ati 113,2 foizni tashkil etishi kutilmoqda.
[gallery-11474]
Viloyatdagi yirik tarmoq sanoat korxonalaridan tashqari, kichik biznes sanoati korxonalari tomonidan 2022 yilda 9,7 trillion so‘mlik yoki 118,5 foiz sanoat mahsuloti ishlab chiqarilib, aholi jon boshiga 5 million so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich 2019 yilda 2,5 million so‘mdan oshmagan. Oxirgi 5 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi viloyatda 3,1 martaga, aholi iste’moli mollari ishlab chiqarish hajmi esa 2,5 martaga oshdi. Sanoatning yalpi xududiy mahsulotdagi ulushi 2018 yildagi 13,9 foizdan 2022 yil yakunida 17,8 foizga yetdi.
Viloyat sanoati tarkibida yuz bergan yangilanish va o‘zgarishlar natijasida tarmoqlar o‘rtasidagi mahsulot ishlab chiqarish hajmi ham oshmoqda. Xususan, oxirgi besh yilda qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 2,3 marta, to‘qimachilik sanoati 4 marta, oziq-ovqat sanoati 2,4 marta, kimyo va neft-gaz sanoati 4 marta, metallni qayta ishlash sanoati 1,9 martaga o‘sgan.
Buxoro viloyatini rivojlantirish dasturlariga muvofiq, 2022 yilda umumiy qiymati 853 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 732 ta hududiy investitsiya loyihasi amalga oshirildi. 14,7 ming nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Shundan sanoat yo‘nalishida umumiy qiymati 501 million AQSH dollariga teng bo‘lgan 225 ta loyiha ishga tushirildi. 8,9 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratildi.
2023 yilda dasturlar doirasida qiymati 708,2 million AQSH dollarilik, jami 609 ta loyihani ro‘yobga chiqarish natijasida 15,5 mingta ish o‘rni yaratilishi belgilangan. Xuddi shunday, mahalliylashtirish dasturi doirasida ham 2021 yilda 802,3 milliard so‘mlik va o‘tgan 2022 yil yakuni bilan 1 trillion 327,9 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, import o‘rnini qoplash darajasi 116,5 million AQSH dollarini tashkil etdi va buning ahamiyatli jihati, bu tarmoqda bugunga kelib 1 ming 600 kishining ishlab, moddiy manfaat ko‘rishi ta’minlanmoqda.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida birgina joriy yil yanvar-mart oylarida 329 milliard 300 million so‘mlik, import o‘rnini bosuvchi mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, yil yakuni bilan bu ko‘rsatkich 1 trillion 800 milliard so‘mni yoki import o‘rnini qoplash darajasi 153,7 million AQSH dollarini tashkil etishi kutilmoqda.
Ayni paytda viloyatdagi sanoat korxonalarining o‘zaro kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish bo‘yicha olib borilgan sa’y-harakat hisobiga, 2022 yilda bu korxonalar o‘rtasida Elektron sanoat kooperatsiya portali orqali 515,9 milliard so‘mlik mahsulot oldi-sotdisi bo‘yicha 870 ta shartnomalar tuzilgan. Asosiy rivojlantirilayotgan sohalari – bu neft-gaz, paxtani qayta ishlash, yengil sanoat, qurilish materiallari ishlab chiqarish tarmoqlari hisoblangan Buxoro viloyatida bugunga kelib 400 dan ziyod xorijiy investitsiya ishtirokidagi korxona va 5 ming 100 tadan ortiq sanoat korxonasi faoliyat ko‘rsatmoqda. So‘nggi uch yilda hududda faoliyat boshlagan sanoat korxonasi soni 2019 yildagiga nisbatan 3 ming 500 tadan 5 ming 100 taga yetkazilib, mazkur sohada band aholi soni 34 mingtadan 45 mingtaga yetkazilgan.
Tahlillardan ko‘rinishicha, 2022 yilda viloyatda o‘rtacha 358,1 ming tonna paxta xom ashyosi yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 121,8 ming tonnadan ziyod paxta tolasi ishlab chiqarilmoqda. “Xom ashyodan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida joriy yilda to‘qimachilik korxonalari tomonidan to‘liq siklli ishlab chiqarishning yo‘lga qo‘yilayotgani diqqatga molik. Shu nuqtai nazardan, ayni paytda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish sohasiga, bundan tashqari, tabiiy qazilma- kon resursi tarmog‘ida tabiiy qoplama tosh, qurilish va silikatli mahsulotlar uchun qum, g‘isht va kafel xom-ashyosi, ohak tosh, qurilish toshi, gips va angidrit, grafit, sement va boshqa xom ashyoga boy qurilish materiallari ishlab chiqarish sohasiga, qolaversa, ijtimoiy sohani rivojlantirishda ta’minotchi tarmoqlar faoliyatini rivojlantirishga sarmoya kiritishga e’tibor kuchaytirilmoqda.
Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi ishtirokchilari, respublika hamda viloyat mas’ul mutasaddilari yarmarka pavilonidan o‘rin olgan tadbirkorlik sub’ektlari, korxonalar va ular taqdim etayotgan mahsulotlar bilan yaqindan tanishdi.
Yarmarkada “G‘ijduvon” erkin iqtisodiy zonasida faoliyat yuritayotgan sub’ektlar qatorida “BEK BAGS BUSINESS” xususiy korxonasi tomonidan ishlab chiqarilayotgan turli o‘lchamdagi qo‘l sumkalari, noutbuklar uchun, maktab o‘quvchilari, ayollar va qizlar sumkalari, xuddi shunday, “YORQIN XURSHID TEKSTIL” MCHJ tomonidan tayyorlanayotgan avtomobil o‘rindiqlari uchun kombinatsiyalangan avto gazlamalar va o‘rindiq qoplamalari ishtirokchilar qiziqishini uyg‘otmoqda. Vobkent tumanidagi “Ecvatorial chodak” MCHJ tomonidan ishlab chiqarilayotgan bolalar va qizlar uchun jinsi kiyimlar – shim, jaket va kostyumlar, Romitan tumanidagi “Sash Korset” MCHJ tomonidan tolali matolardan tikib tayyorlangan belbog‘, korset va bandaj kabi ortopedik vositalar, bundan tashqari, Qorako‘l tumanidagi “Merganteks” MCHJ tomonidan tomchilatib sug‘oriladigan ekin maydonlari uchun ishlab chiqarilayotgan rezina shlang va uskunalari ishtirokchilar qiziqishiga sabab bo‘lmoqda. Shuningdek, Toshkent viloyati, Olmaliq shahridan kelgan Azizbek Asqarov boshchiligidagi “Carbon Polimer”, Navoiy viloyati, Karmana shahridan kelgan Jamshid Solihov boshchiligidagi “Agrotrade servis”, Qashqadaryo viloyati Muborak tumanidan kelgan “Imkon labirint hous” kabi 300 tadan ortiq mas’uliyati cheklangan jamiyati o‘z mahsulotlarini ko‘rgazma qatnashchilari e’tiboriga havola qilishmoqda.
– bugungi yarmarkada biz ko‘p tarmoqli “Merganteks” MCHJ ning Olot, Qorako‘l va Buxoro shahrida faoliyati kengaytirib borilayotgan va ayni paytda mingga yaqin ishchisiga ega yengil sanoat va trikotaj fabrikalarida tayyorlanayotgan mahsulotlar namoyishi bilan qatnashayapmiz, – deydi mazkur mas’uliyati cheklangan jamiyatining sotuv bo‘limi boshlig‘i Dilmurod Kamolov. – Bunda dastlabki bosqichda momiq paxta xom ashyosidan ishlab yigiriladigan ip-kalavadan tortib yarim tayyor bo‘z, surp, chit va satin matolari, qolaversa, ranglash, bo‘yash sexlaridan o‘tib, kiyim-kechak tikishga tayyor holga kelgan o‘ndan ortiq matoni namoyishga olib kelganmiz. Fabrikalarimizdan chiqayotgan matolarning 70 foizi tabiiy paxta tolasidan bo‘lsa, 30 foizini sun’iy tola aralashmasi bilan boyitilayotgani mahsulotga bo‘lgan talabni oshirmoqda. Bizda kuniga 20 tonna ip-kalava qayta ishlanib, 10 ming metrgacha pagonometr mato tayyorlanayotgan bo‘lsa, tayyor trikotaj mahsulotlari, erkaklar ko‘ylak va shimlariga xos matolarni ayni paytda 50 foizini eksportga yo‘naltirganmiz. Bu bir oydagi tovar aylanmasi 1 million AQSH dollari atrofida degani. Yarmarkadan maqsadimiz esa yangi hamkorlar topish, ichki imkoniyatmizni oshirishdir.
Har yilgidan o‘zgacha, keng qamrovda tashkil etilgan bu yilgi yarmarkada tadbirkorlik sub’ektlari, ishbilarmon doira vakillariga elektron kooperatsiya portalidan ro‘yxatdan o‘tish, “B 2 B” shaklidagi muzokaralar o‘tkazish va shartnomalar tuzish uchun burchaklar tayyorlangan. Bu, o‘z navbatida, mahalliy sanoat korxonalari uchun import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish hisobiga o‘z faoliyat sohasini yanada kengaytirish, raqobatbardosh sanoat mahsulotlari nomenklaturasini oshirish uchun yangi biznes-g‘oyalar shakllantirish imkonini beradi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni bir platformada jamlash, o‘zaro fikr va tajriba almashishga xizmat qiluvchi bu yilgi yarmarkadan talay ijobiy natijalar kutilyapti.
Umuman, ikki kunga mo‘ljallangan hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi kun tartibidan ishtirokchilarni raqamli transformatsiya markazining yurtimizda faoliyat yuritayotgan asosiy elektron tijorat dilerlari “Tradeuz.com”, “Unisavdo.uz”, “Mato.uz” da kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini ro‘yxatga olish va savdo maydonchasi (marketpleyslar) funksiyalari bilan tanishtirish, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining to‘qimachilik va tikuv-trikotaj tarmog‘i korxonalarida mahalliylashtirish va kooperatsiyani rivojlantirish yo‘nalishlari kabi qator sub’ektlar taqdimotlarini o‘rganish, “Buxara Varnet” MCHJ negizidagi zamonaviy issiqxona kompleksi, “WBM Romitex” MCHJ tomonidan ip kalava ishlab chiqarish loyihasi, “Naqshband” hunarmandchilik markazi faoliyatini borib ko‘rish va qator muzokaralarni amalga oshirish o‘rin olgan.
Zarif Komilov,
Tohirjon Istatov (surat), O‘zA