Sanksiyaga qaramay, Shimoliy Koreya Rossiyaga harbiy yordamdan taxminan 22 milliard dollar daromad oldi
“Bloomberg” nashri yozishicha, Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen Inning ixtiyorida 15 yillik hokimiyat davridagi eng ko‘p naqd pul bor.
Agentlik hukumat savdo hisoboti va razvedka ma’lumoti tahlili, shuningdek asosiy daromad manbalari bo‘yicha tashqi tadqiqot natijasida quyidagi xulosaga kelgan:
– Shimoliy Koreya 2022-2025-yillar oralig‘ida taxminan 22 milliard dollar miqdorida xorijiy daromad olgan.
Ta’kidlanishicha, bu pulning deyarli hammasi Ukraina bilan urush boshlangandan beri Rossiyaga qurol sotish va harbiy yordam ko‘rsatish orqali olingan.
– KXDR va RF harbiy hamkorligi shunchaki diplomatiya yoki xavfsizlik masalasi emas, – deydi Janubiy Koreya muxolif deputati Dae Si. – Mazkur jarayon Shimoliy Koreya iqtisodiyotini qo‘llab-quvvatlaydigan asosiy daromad manbaiga aylandi.
Ukraina razvedkasi hisobotiga ko‘ra, 2025-yil oxiriga kelib Pxenyan Moskvaning tez-tez ishlatiladigan 122 va 152 millimetrli o‘q-doriga ehtiyojining 50 foizgacha qismini ta’minlagan. Bundan tashqari boshqa bir tadqiqot markazi tahlilida Rossiya KXDRga 16 000-22 000 qo‘shinini joylashtirish evaziga har bir askar uchun taxminan 2000 dollar bergani, halok bo‘lgan har bir askar uchun esa qo‘shimcha to‘lov ajratilgani keltirilgan.
Xullas, mutaxassislar ta’kidlashicha, foyda Shimoliy Koreyaga yadroviy zaxirasi va iqtisodiyotini mustahkamlashga yordam bergan. Ayni usul bilan esa AQSH va Janubiy Koreya bosimini kamaytirish mumkin.
S.Rahimov, O‘zA