Sanksiya muddati uzaydi, haykallarga qirg‘in...
Rossiya – Ukraina
AQSH Prezidenti Jo Bayden Ukraina bilan ziddiyat tufayli Rossiyaga nisbatan joriy qilingan sanksiya muddatini bir yil uzaytirdi. Bu haqda Oq uy ma’muriyati ma’lum qildi.
Germaniya hukumati Rossiya Ukraina bilan nizoni bartaraf etish uchun birinchi bo‘lib qadam tashlashi kerak, deb bayonot berdi mamlakat kansleri Olaf Shols.
“Rossiya harakatni birinchi boshladi, shuning uchun tinchlik tashabbuskori bo‘lishi kerak”, dedi u.
Yevropa Ittifoqi tashqi siyosat xizmati rahbari Jozep Borrel hamjamiyat mamlakatlariga murojaat qilib, Ukraina Qurolli kuchlari talabiga binoan qurol-yaroq sotib olish uchun bir milliard yevro ajratishni so‘radi. Bu haqda “Agence France-Presse” xabar berdi.Ukraina uchun 155 mm kalibrli artilleriya snaryadi sotib olmoq zarurligi aytilgan.
Xitoy Ukraina ziddiyatini siyosiy yo‘l bilan hal etish kerakligini qayd etadi, dedi XXR Raisi Si Szinpin.
“Pekin bu masalada o‘z qarashiga sodiq qoladi”, degan yetakchi.
Tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok Germaniya hukumati qarashini yana bir marta yodga olib, “Ukraina Rossiya bilan tinchlikka erishish yo‘lini o‘zi hal etishi lozim”, dedi.
“Biz Kiyevning o‘zini himoya qilish huquqini qo‘llab-quvvatlaymiz”, deya qo‘shimcha qildi u “ARD” telekanaliga intervyu berarkan. Shuningdek, mulozim Kiyevga qiruvchi samolyot yetkazib berish masalasi Germaniya uchun dolzarb emasligini ham ta’kidladi.
Chexiyaning yangi Prezidenti Petr Pavel fikricha, NATO mamlakatlari taxminan yarim yildan keyin Ukrainaga qiruvchi samolyot yetkazib berishi kerak.
Ukrainaning don eksporti shartnomasi mart oyi ikkinchi yarmigacha amal qilishini e’tiborga olib, AQSH hukumati muddatni uzaytirish zarur, deb hisoblaydi. Bu haqda Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays bayonot berdi.
Buyuk Britaniya Ukrainaga harbiy texnika yetkazib berish masalasini mustaqil ravishda hal qilmaydi, bu xususdagi qaror Vashingtonda qabul qilinadi, dedi Britaniya TIV sobiq rahbari Uilyam Xeyg.
Ukraina sobiq Bosh vaziri Nikolay Azarovning aytishicha, mamlakat ikkinchi Afg‘onistonga aylanib bo‘ldi, iqtisod xarob, moliya tizimi to‘liq xalqaro kreditga bog‘lanib qolgan. U ijtimoiy tarmoqda “mamlakatda qashshoqlik va buzilgan infratuzilma kuzatilmoqda”, deb yozdi.
Ukraina Prezidenti devoni rahbarining maslahatchisi Mixail Podolyak ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Kiyev Rossiya hududini nishonga olmayapti, o‘qqa tutmayapti”, deb yozdi.
Kiyev shahri harbiy ma’muriyati ma’lum qilishicha, poytaxtdagi Pushkin nomli muzey “Kudryavkadagi qishloq” nomiga o‘zgartiriladi. Madaniyat vaziri ma’lumotiga ko‘ra, 2022 yil davomida ruslarga aloqador qator tarixiy joylar nomi qayta ko‘rib chiqilgan. Aleksandr Pushkinning 28 haykali, Maksim Gorkiyning to‘qqizta, sovet erkchilari sharafiga o‘rnatilgan to‘qqizta xotira inshooti buzib tashlangan. Sobiq ittifoq va Rossiya bilan bog‘liq 7 600 toponim o‘zgarishga uchragan.
Abror XON,
O‘zA